Toshkent viloyatida "Sobir Rahimov – Oʻrtaovul" yangi temiryoʻl oʻtkazgichi foydalanishga topshirildi
Loyiha doirasida uzunligi 23,6 metr boʻlgan 1 dona ikki yoʻllik yangi temir yoʻl koʻprigi qurib bitkazilib, temir yoʻl izlari oʻz joyiga qaytarildi, 1200 metr uzunlikdagi aylanma temir yoʻl va avtomobil yoʻli barpo etildi.

"Sobir Rahimov – Oʻrtaovul" oraligʻida yangi temiryoʻl oʻtkazgichi foydalanishga topshirildi.
Bugun, 3 oktabr kuni "Oʻzbekiston temir yoʻllari" aksiyadorlik jamiyati tomonidan poytaxt va Toshkent viloyati kesishmasidagi transport oqimini tartibga solish maqsadida bunyod etilgan zamonaviy temiryoʻl oʻtkazgichi tantanali ravishda ochildi. Obʼekt "Sobir Rahimov – Oʻrtaovul" bekatlari oraligʻida joylashgan.

Mamlakatimizda transport-logistika tizimini yanada takomillashtirish, haydovchilar va piyodalar uchun xavfsiz hamda qulay shart-sharoitlar yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, "Oʻzbekiston temir yoʻllari" AJ tomonidan Toshkent shahri va viloyati kesishmasidagi transport oqimini tartibga solishga qaratilgan "Sobir Rahimov – Oʻrtaovul" bekatlari oraligʻida yangi zamonaviy temir yoʻl oʻtkazgich bunyod etilib, bugun uning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Z. Mirzayev, "Oʻzbekiston temir yoʻllari" AJ boshqaruvi raisi Z. Narzullayev, transport prokuraturasi prokurori I. Narimov, ommaviy axborot vositalari, mahalliy aholi va boshqalar ishtirok etdi.
"Sobir Rahimov – Oʻrtaovul" bekatlari oraligʻidagi 3384 km PK-2 da mavjud temir yoʻl kesishmasi oʻrnida barpo etilgan yangi yoʻl oʻtkazgichni qurish jarayonida keng koʻlamli qurilish-montaj ishlari bajarildi. Xususan, loyiha doirasida uzunligi 23,6 metr boʻlgan 1 dona ikki yoʻllik yangi temir yoʻl koʻprigi qurib bitkazilib, temir yoʻl izlari oʻz joyiga qaytarildi, 1200 metr uzunlikdagi aylanma temir yoʻl va avtomobil yoʻli barpo etildi.

Shuningdek, toʻsiq devor poydevori uchun 237 dona savay burgʻulash ishlari amalga oshirilib, uning 11 ming metr kubdan ortiq qismiga toʻliq beton quyildi va 800 metr kontakt tarmogʻi toʻliq koʻchirib oʻtkazildi. Qurilish jarayonida jami 60 ming metr kub tuproq ishlari bajarildi, alikafon montaj ishlari yakunlanib, hududdagi yomgʻir va qor suvlarini xavfsiz oqizib yuborish uchun 2 dona suv bochkasi oʻrnatildi hamda zamonaviy avtomobil va piyodalar yoʻlaklari qurib bitkazildi.
Mazkur zamonaviy yoʻl oʻtkazgichning ochilishi Zangiota tumani aholisi va tranzit harakatlanuvchi yoʻlovchilar uchun ulkan qulayliklar yaratib, hududdagi tirbandliklarni bartaraf etish, vaqtni tejash, avtomobil yoʻllaridagi kundalik yuklamani sezilarli darajada kamaytirish hamda xavfsiz va qulay harakatlanishni taʼminlashga xizmat qiladi.




