Obid Hakimov Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari boʻldi
U oʻrindoshlik asosida "Yangi Oʻzbekiston" universiteti rektori lavozimiga ham tayinlandi. Kamoliddin Mardonov Prezidentning iqtisodiy siyosat boʻyicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi, Ilhom Siradjev taʼlim va ilm-fan vaziri oʻrinbosari boʻldi.

Oʻzbekiston Prezidentining farmoni bilan Obid Arziqulovich Hakimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari hamda oʻrindoshlik asosida "Yangi Oʻzbekiston" universiteti rektori lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat boʻyicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Kamoliddin Karamiddinovich Mardonov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat boʻyicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimidan ozod etildi.
Prezidentning tegishli farmoni va qarori bilan Ilhom Tohirovich Siradjev Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim va ilm-fan vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.

Shu munosabat bilan u Prezident Administratsiyasi Rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari lavozimidan ozod etildi.




