Qashqadaryoda 3 yoshli qiz oʻgay onasi kaltaklashidan soʻng vafot etdi
Ayblanuvchi hozirda protsessual tarzda ushlangan. U 10 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Qashqadaryoda 3 yoshli qiz oʻgay onasi kaltaklashi oqibatida vafot etdi.
Bolalar ombudsmani maʼlumotiga koʻra, Kasbi tumanida ayol turmush oʻrtogʻi bilan nizolashib, 2022 yilda tugʻilgan qizchani urgan. Mazkur holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.
Aniqlanishicha, joriy yilning 26 sentabr kuni Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi fuqaro I.S. (1994 yilda tugʻilgan ayol) turmush oʻrtogʻi N.A (1988 yilda tugʻilgan erkak) bilan oʻzaro nizolashib, uning voyaga yetmagan farzandi O.Sh.ni (2022 yilda tugʻilgan qiz bola) urganligi oqibatida bola bosh qismidan jiddiy jarohatlangan.
Buning natijasida bolaning sogʻligʻi keskin yomonlashib, shu kunning oʻzida u vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan 27 sentabr kuni tuman IIB Tergov boʻlimi tomonidan Jkning 126-moddasi (oilaviy zoʻravonlik), 8-qismi, “g” bandi (jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlsa) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
I.S. JPKning 221-moddasiga asosan gumonlanuvchi tariqasida protsessual tarzda ushlangan.
(JKda ushbu jinoyat uchun 10 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi koʻzda tutilgan)
Bolalar ombudsmani bolagʻa qarshi sodir etilgan mazkur jinoyat ishi yurituvi ustidan oʻz kuzatuvini davom ettiradi. Holat yuzasidan qoʻshimcha tarzda axborot taqdim etiladi.
Maʼlumot uchun: 2 oktabr kuni Senat tomonidan maʼqullangan Bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirishga oid Qonunga koʻra, bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.




