Putin Ramzan Qodirovni eng yuqori harbiy unvon bilan mukofotladi
Armiya generali Rossiya Qurolli Kuchlaridagi generallar orasida eng yuqori harbiy unvondir. 2020 yilda Qodirov general-mayor, 2022 yilda general-leytenant va oʻsha yilning oktabr oyida esa general-polkovnik unvoniga koʻtarilgandi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiyada eng yuqori armiya generali unvonini oldi. Rossiya Milliy gvardiyasi direktori Viktor Zolotov Checheniston rahbariga pogonlar va toʻq qizil beretini topshirdi.
Qodirovga Vladimir Putin farmoni bilan armiya generali unvoni berildi. Mukofotni topshirish marosimi Grozniyda boʻlib oʻtdi.
Armiya generali Rossiya Qurolli Kuchlaridagi generallar orasida eng yuqori harbiy unvondir. 2020 yilda Qodirov general-mayor, 2022 yilda general-leytenant va oʻsha yilning oktabr oyida general-polkovnik unvoniga koʻtarilgandi.
Harbiy unvonlaridan tashqari, Ramzan Qodirov bir qator Rossiya davlat mukofotlariga ham ega. 2004 yilda u Rossiya Federatsiyasi Qahramoni unvoni va Oltin Yulduz medali bilan taqdirlangan. Keyinchalik u 4, 3 va 2-darajali "Vatanga xizmatlari uchun" ordeni, "Jasorat" ordeni, "Shon-sharaf" ordeni va Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirlangan.
Qodirov 2006 yilda 4-darajali "Vatanga xizmatlari uchun" ordeni, 2021 yilda 3-darajali va 2024 yil fevral oyida 2-darajali orden bilan taqdirlangan. U 2022 yilda Chechenistonning "ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qoʻshgan ulkan hissasi" uchun Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirlangan.
Rossiya davlat mukofotlaridan tashqari, 2005 yilda Checheniston rahbari otasi, Chechenistonning birinchi prezidenti Ahmat Qodirov nomi bilan atalgan respublikaning eng yuqori mukofoti — Qodirov ordenini oldi. 2018 yilda u Belarus Xalqlar Doʻstligi ordeni va 2022 yilda Quddus Yulduzi ordeni bilan taqdirlangan.
Qodirovlar oilasi mukofotlari
"Verstka" gazetasining yozishicha, Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urushi boshlanganidan toki 2025 yil avgustigacha Checheniston rahbarining oilasi qariyb 150 ta mukofot olgan. Ramzan Qodirovning oʻzi 31 ta mukofot olgan. Uning vorisi deb hisoblangan oʻgʻli Adam 16 ta mukofot bilan ikkinchi, qizi Oysha esa oʻnta taqdirlov bilan uchinchi oʻrinni egallagan.




