Oʻzbekistonda taʼlim boʻyicha yagona vazirlik tashkil etildi
Prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Taʼlim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Taʼlim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu islohotning asosiy maqsadi mamlakatimizda taʼlim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, taʼlim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish boʻyicha ishlarni yangi darajaga olib chiqishdan iborat.
Shuningdek, taʼlimning barcha turlari oʻrtasidagi oʻzaro uzviylik va bardavomlikni taʼminlash, maktabgacha taʼlimdan tortib oliy taʼlimgacha barcha bosqichlarni hamda ilmiy faoliyatni qamrab olgan yagona samarali boshqaruv tizimini joriy qilish, uning jamoatchilik oldida hisobdorligini oshirish koʻzda tutilgan, deyiladi xabarda.




