Oʻzbekiston hududida oʻta xavfli kasalliklar boʻyicha tayyorgarlik kuchaytirildi
Sanepidqoʻmita Rossiyada oʻlat tarqalgani boʻyicha xabarlarni izohladi. Ayni paytda kasallik bilan bogʻliq maʼlumotlar oʻrganilmoqda.

Sanepidqoʻmita Rossiyada oʻta xavfli kasallik tarqalgani boʻyicha xabarlarni izohladi.
Aytilishicha, hozirda Rossiya Federatsiyasining vakolatli idoralari hamda Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining rasmiy manbalari orqali vaziyat muntazam ravishda kuzatib borilmoqda.
Xususan, kasallik tashxisining laboratoriyada tasdiqlangani yoki tasdiqlanmagani, ehtimoliy yuqish manbai va yoʻllari, bemorning harakatlanish yoʻnalishi hamda u bilan muloqotda boʻlgan shaxslarga oid maʼlumotlar oʻrganilmoqda.
Ayni vaqtda Oʻzbekiston hududiga oʻta xavfli yuqumli kasalliklarning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha tegishli xizmatlarning tayyorgarligi kuchaytirilgan.
Shu bilan birga, fuqarolardan turli xabarlarga ishonmaslik, maʼlumotlarni faqat rasmiy manbalar orqali kuzatib borish soʻralgan.
Epidemiologik vaziyatda oʻzgarish yuz bergan taqdirda jamoatchilikka belgilangan tartibda qoʻshimcha axborot taqdim etiladi, deyiladi xabarda.
Avvalroq Rossiyada oʻlat tarqalgani, shifoxona karantinga olingani xabar berilgandi.




