Namanganda 51,5 mln soʻmlik qalbaki pullar aniqlandi
Tezkor tadbirda ushlangan fuqarolar qalbaki 20 ming, 50 ming, 100 ming va 200 ming soʻm nominaldagi banknotlarni tayyorlab, sotayotgan boʻlgan.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Jizzax va Namangan viloyatlari boʻyicha boshqarmalari hamda Bojxona organlari hamkorligida Namangan shahrida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unda qalbaki 20 ming, 50 ming, 100 ming va 200 ming soʻm nominaldagi banknotlarni tayyorlab, sotish holati fosh etildi.Bu haqda DXX Platina.uzʼga maʼlum qildi.
Tadbir davomida Pop tumanida yashovchi, 1989 y.t. va Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi, 1999 y.t. 2 nafar shaxs jami 37,4 mln soʻm qalbaki pullarni shartli xaridorga 7,5 mln soʻmga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, ularni shaxsiy tintuv qilish jarayonida hamda boshqaruvida boʻlgan “Lasetti” rusumli avtomashina salonida ham qalbaki 6,4 mln soʻm borligi maʼlum boʻldi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, izboskanlik fuqaroning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, ushbu manzildan qalbaki 7,7 mln soʻm, 145 dona oq qogʻozga chop etilgan turli xil kupyuralar, kompyuter, rangli printer va boshqa ashyolar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash boʻyicha choralar koʻrilmoqda.




