"Sea Breeze" loyihasining birinchi va ikkinchi bosqichi ekologik ekspertizadan oʻtdi
Qurilish ishlari yakunlangach, yakuniy bosqich nazarda tutilgan. U obʼektni foydalanishga topshirishdan oldin oʻtkazilib, bunda loyiha boʻyicha koʻzda tutilgan niyatlar emas, balki amalda amalga oshirilgan yechimlar baholanadi. Yaʼni, nazarda tutilgan tabiatni muhofaza qilish choralari bajarilganmi, belgilangan ekologik talablar taʼminlanganmi va qurilgan obʼekt ilgari kelishilgan ekologik shartlarga muvofiq keladimi — shu jihatlar tekshiriladi.

"Sea Breeze" loyihasining birinchi va ikkinchi bosqichi ekologik ekspertizadan oʻtdi.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi xulosasiga koʻra, bugungi kunga qadar atrof-muhitga taʼsirni baholashning birinchi va ikkinchi bosqichlari yakunlanib, davlat ekologik ekspertizasining tegishli xulosalari olingan.
Koʻzda tutilgan barcha materiallar, oʻtkazilgan tartib-taomillar, kelib tushgan eʼtiroz va takliflar, shuningdek, ularga tegishli tushuntirishlar ochiq foydalanish uchun joylashtirilmoqda. Bu loyihani ekologik jihatdan kuzatib borish jarayonining shaffofligini taʼminlash hamda uni amalga oshirishning muhim bosqichlarida jamoatchilik ishtirokini yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.
Atrof-muhitga taʼsirni baholashning birinchi bosqichi — asosiy loyiha yechimlari amalga oshirilishidan oldingi dastlabki ekologik baholash hisoblanadi. Ushbu bosqichda obʼektning atmosfera havosi, suv va yer resurslari, yashil hududlar, biologik xilma-xillik, chiqindilar hosil boʻlishi, muhandislik infratuzilmasi hamda atrof-muhitning boshqa tarkibiy qismlariga ehtimoliy taʼsiri aniqlanadi. Shu bilan birga, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ekologik xatarlar, ularni kamaytirish boʻyicha takliflar, shuningdek, jamoatchilikning eʼtiroz va takliflari ham koʻrib chiqiladi.
Ikkinchi bosqich esa loyiha yechimlarini yanada chuqur va batafsil baholashni nazarda tutadi. Ushbu bosqichda taʼsirning parametrlari va koʻlami aniqlashtiriladi, tabiatni muhofaza qilish va kompensatsiya choralari, muhandislik yechimlari, qurilish ishlarini tashkil etish, chiqindilar bilan ishlash, suvdan foydalanish, koʻkalamzorlashtirish hamda ekologik jihatdan muhim boshqa masalalarga qoʻyiladigan talablar konkretlashtiriladi.
Yaʼni, Sea Breeze loyihasining ekologik baholashi bir martalik jarayon yoki bitta xulosa olish bilan cheklanadigan rasmiy tadbir emas. Bu loyiha yechimlari ularning batafsil ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi jarayonida izchil tekshirib, aniqlashtirib boriladigan ekologik nazorat tizimidir, deyiladi markaz xabarida.
Qurilish ishlari yakunlangach, yakuniy bosqich nazarda tutilgan. U obʼektni foydalanishga topshirishdan oldin oʻtkazilib, bunda loyiha boʻyicha koʻzda tutilgan niyatlar emas, balki amalda amalga oshirilgan yechimlar baholanadi. Yaʼni, nazarda tutilgan tabiatni muhofaza qilish choralari bajarilganmi, belgilangan ekologik talablar taʼminlanganmi va qurilgan obʼekt ilgari kelishilgan ekologik shartlarga muvofiq keladimi — shu jihatlar tekshiriladi.
Shunday qilib, loyihaning ekologik nazorati uning butun hayotiy sikli — loyihalashtirish va qurilishdan tortib, obʼektni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan davrni qamrab oladi.
Bundan tashqari, loyiha nafaqat davlat, balki jamoatchilik ekologik nazorati ostida ham amalga oshirilmoqda.
Jamoatchilik kengashi aʼzolari loyiha hududiga bevosita chiqib, qurilish ishlarining amaldagi borishi bilan tanishadi hamda ekologik talablar va tabiatni muhofaza qilish choralari bajarilishini tekshiradi.
Bunday tashriflar davomida hududning holati, qurilish ishlarini amalga oshirish shartlariga rioya etilishi, qurilish va boshqa chiqindilar bilan ishlash, yashil hududlarning holati, loyihada nazarda tutilgan ekologik tadbirlarning bajarilishi hamda atrof-muhit uchun muhim boʻlgan boshqa masalalar baholanadi.
"Bugungi kunga qadar oʻtkazilgan tashriflar natijasiga koʻra, belgilangan ekologik talablar buzilganini koʻrsatuvchi holatlar aniqlanmadi. Monitoring davom etmoqda va loyihaning keyingi bosqichlarida ekologik majburiyatlarning bajarilishi muntazam kuzatib boriladi", deyiladi xabarda.




