Pedofillar endi umrbod qamaladi — Senat qonunni maʼqulladi
Qonun bilan 14 yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan jinsiy zoʻravonlik uchun uzoq muddatli 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda. Bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish butunlay taqiqlanmoqda.

Senat 14 yoshgacha boʻlgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini maʼqulladi.
Oliy Majlis Senatida 2 oktabr kuni boʻlib oʻtgan yalpi majlisda “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni koʻrib chiqildi va maʼqullandi.
25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish
Qonun bilan 14 yoshga toʻlmagan shaxsning nomusiga tekkanlik hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirganlik uchun uzoq muddatli 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.
Shuningdek, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi sodir etilgan oʻta ogʻir jinoyatlar boʻyicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatlarining oʻtib ketganligi qoʻllanilmaydi.
Bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish butunlay taqiqlanmoqda.
Bepul yuridik yordam va tergovni yozib olish
Jinsiy zoʻravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh boʻlgan bolalarga protsessual harakatlarga jalb etilgan ilk daqiqalardan eʼtiboran davlat hisobidan bepul malakali yuridik yordam koʻrsatish tizimi joriy etilmoqda.
Zoʻravonlikdan jabr koʻrgan voyaga yetmaganlarni soʻroq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat qurboni boʻlgan bola va gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻrtasidagi yuzlashtirishni maxsus tartib boʻyicha oʻtkazish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi oʻrtasidagi yuzlashtirishni faqat tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida oʻtkazish belgilanmoqda.
Agar zoʻravonlik oila aʼzolari yoki yaqin qarindoshlar tomonidan sodir etilgan boʻlsa, protsessual jarayonlarda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtiroki majburiy qilib qoʻyilmoqda.
Taʼlim muassasalari xodimlari zoʻravonlik uchun ishdan boʻshatilishi mumkin
Mehnat kodeksiga kiritilayotgan qoʻshimchaga koʻra, taʼlim va tarbiya muassasalarida bolani tarbiyalash va unga taʼlim berish borasidagi majburiyatlar oʻz zimmasiga yuklatilgan taʼlim tashkiloti xodimining bolaga nisbatan zoʻravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilganligi munosabati bilan uning mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga asos boʻladi. Bunday shaxslarning kelgusida bolalar bilan ishlashiga cheklov qoʻyiladi.
Shu bilan birga, ota-onalarning bolalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatmasligi, ularning asosiy ehtiyojlarini qasddan qanoatlantirmasligi, nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzishi, shuningdek, bolalarni sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar qayta zoʻravonlikka uchrashdan qoʻrqib murojaat qilishga ikkilanmasligi uchun, ularning soʻroviga asosan yashash manziliga yozma yoki elektron javob xati yubormaslik tartibi joriy etilmoqda.
Bu oilaviy nizolarning yanada avj olishi va qayta zoʻravonlik sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi.




