platina.uz
Jahon

Latviya Rossiyani migrantlar oqimidan “qurol” sifatida foydalanishda ayblamoqda

​Latviya rasmiylariga koʻra, bu yil minglab migrantlar mamlakat chegarasiga yoʻl olgan. Ularning 11 mingdan ortigʻi Latviyaga kiritilmagan. 2 milliondan oshiq aholiga ega mamlakat uchun bu katta bosimni anglatadi. 

Latviya Rossiyani migrantlar oqimidan “qurol” sifatida foydalanishda ayblamoqda

Latviya rasmiylari Rossiya va Belorusni Yaqin Sharq hamda Afrikadan kelayotgan migrantlarni mamlakat chegarasi orqali olib oʻtish sxemasiga koʻmaklashayotganlikda ayblamoqda. Riga bu jarayonni Rossiyaning Gʻarbdagi beqarorlikni kuchaytirishga qaratilgan kengroq strategiyasining bir qismi deb hisoblaydi. Moskva esa ayblovlarni rad etmoqda. Bu haqda The New York Times maʼlum qildi.

​Latviya rasmiylariga koʻra, bu yil minglab migrantlar mamlakat chegarasiga yoʻl olgan. Ularning 11 mingdan ortigʻi Latviyaga kiritilmagan. 2 milliondan oshiq aholiga ega mamlakat uchun bu katta bosimni anglatadi.

​Ayrim migrantlar esa chegara mudofaasini buzib oʻtishga muvaffaq boʻlgan. Rasmiylarning aytishicha, chegara panjarasida teshiklar ochilgan, ayrim hollarda esa uning ostidan tunnellar qazilgan. Latviya hukumati bunday holatlarni maqsadli kampaniyaning bir qismi sifatida baholamoqda.

​Latviya tashqi ishlar vaziri Baiba Braze Rossiya va Belorus razvedka xizmatlari Yaqin Sharq va Afrikadan kelayotgan migrantlarni Latviya hamda boshqa NATO va Yevropa Ittifoqi davlatlari hududiga noqonuniy olib oʻtishga qaratilgan sxemaga koʻmaklashayotganini aytgan.

​Latviya rasmiylarining taʼkidlashicha, jinoiy guruhlar migrantlarni tijoriy reyslar orqali Rossiya va Berusga olib keladi. Keyinchalik ular ushbu davlatlar hududidan Latviya, Litva, Polsha va boshqa mamlakatlar bilan chegaradosh oʻrmonli hududlarga yuboriladi.

​Rasmiylar ayrim hollarda Moskva yoki Minskka charter reyslar tashkil etilganini ham bildirmoqda. Migrantlarning telefonlaridagi geolokatsiya maʼlumotlari ayrim shaxslarning Rossiya hududi orqali harakatlanganini koʻrsatgani aytilmoqda.

​Gazetaning yozishicha, Latviya rasmiylariga koʻra, migratsiya mamlakatdagi bahsli siyosiy masalalardan biri boʻlib qolayotgan bir paytda Rossiyaning maqsadi parlament saylovlari arafasida ichki keskinlikni kuchaytirish boʻlishi mumkin.

​Latviya Davlat chegara qoʻriqlash xizmati rahbari general Guntis Puyatsning aytishicha, bunday harakatlardan koʻzlangan maqsad parlamentda Rossiyaga nisbatan doʻstona munosabatda boʻladigan siyosiy kuchlarning paydo boʻlishiga yordam berish.

​Rossiya rasmiylari esa bu ayblovlarni rad etgan. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Latviyaning bayonotlarini keskin tanqid qilgan, Belorus hukumati esa izoh soʻroviga javob bermagan.

​Latviya chegarani kuchaytirmoqda

​Latviya-Belorus chegarasida xavfsizlik choralari sezilarli darajada kuchaytirilgan.

​Mamlakatning Belorus bilan chegarasi boʻylab 107 mil yoki 172 kilometr uzunlikdagi poʻlat panjara oʻrnatilgan. U videokameralar, harakat datchiklari va hayvonlar bilan odamlarni farqlashga yordam beruvchi sunʼiy intellekt tizimlari bilan jihozlangan.

​NYT mamlakat rasmiylariga tayanib yozishicha, Rossiya va Belorusning bunday faoliyati Ukrainani qoʻllab-quvvatlayotgan davlatlarga bosim va Yevropa mamlakatlarining xavfsizlik resurslarini band qilish va Rossiyaning bevosita ishtirokini inkor etish imkonini saqlab qolishga xizmat qilishi mumkin.

​NATOning 5-moddasi masalasi

​Yevropaning ayrim siyosiy va razvedka rasmiylari Rossiyaning Gʻarbga qarshi sabotaj faoliyatini kuchaytirishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Ayrim rasmiylar Rossiya Boltiqboʻyi yoki boshqa hududlarda kichik koʻlamli bostirib kirish yoki hujum uyushtirish orqali NATOning 5-moddasi boʻyicha majburiyatlarni sinab koʻrishi mumkinligini aytgan.

​Shu bilan birga, xavfsizlik rasmiylari Rossiyaning NATO davlatiga qarshi yaqin orada harbiy operatsiya boshlashni rejalashtirayotganini koʻrsatuvchi belgilar kamligini ham taʼkidlagan.

​Latviya chegarasidagi migratsiya muammosi Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga keng koʻlamli bostirib kirishidan oldin boshlangan.

​2021 yilda Yevropa rasmiylari Belorusni migrantlar oqimidan Polsha va boshqa qoʻshni davlatlarga siyosiy bosim oʻtkazish vositasi sifatida foydalanishda ayblagan. Oʻsha davrda ayrim migrantlar Belorus va Yevropa Ittifoqi chegarasi oʻrtasidagi hududda qolib ketgan, ayrimlari halok boʻlgan.

​Latviya chegarasida esa migrantlar soni oshib borgan: 2021 yilda qariyb 4 400 kishi chegaradan qaytarilgan boʻlsa, 2025 yilga kelib bu koʻrsatkich qariyb uch baravar oshgan.

​Latviya chegara qoʻriqlash xizmati xodimlari yaqinda chegara panjarasi ostidan qazilgan ikkita tunnelni aniqlagan.

​Ulardan birining uzunligi taxminan 40 metr, ikkinchisiniki esa 20 metr boʻlgan. Shunga oʻxshash tunnellar Belorus bilan chegaradosh Litvada ham aniqlangan.

​Latviya rasmiylariga koʻra, mamlakatga kirgan migrantlarning katta qismi keyinchalik Germaniya kabi Gʻarbiy Yevropa davlatlariga yetib borishga harakat qiladi. Ular kontrabandachilar yordamida Yevropa Ittifoqining ichki hududlariga oʻtishga urinadi.

​Latviya rasmiylari Belorus tomonda migrantlarning chegara panjarasi yaqinida deyarli hech qanday nazoratsiz harakatlanayotganini ham Belorus hukumatining jarayonga aloqadorligiga dalil sifatida koʻrsatmoqda.

​General Puyats esa Rossiya harbiylari Belorus hududidan foydalanayotgan bir paytda jarayon ustidan asosiy nazorat Rossiya qoʻlida, degan fikrni bildirgan.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid