"Jizzax suv taʼminoti" xodimlari tezkor tadbirlarda qoʻlga tushdi
Suv taʼminoti inspektori fuqaroning qurilishi tugallanmagan binosida suvdan noqonuniy foydalanganlik holati yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga 2 mln soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Jizzax viloyatida dalolatnoma rasmiylashtirmaslikni vaʼda qilgan suv taʼminoti xodimlari ushlandilar.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Gʻallaorol tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda "Jizzax suv taʼminoti" AJ Jizzax shahar filiali inspektori Oʻ.A. fuqaro U.S.ning qurilishi tugallanmagan binosida suvdan noqonuniy foydalanganlik holati yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga 2 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Mirzachoʻl tuman boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda "Jizzax suv taʼminoti" AJ Mirzachoʻl tumani filiali muhandisi A.X. fuqaro A.E.ning ichimlik suvidan noqonuniy foydalanganlik holati yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirmaslik va jarima yozmaslik evaziga 2,2 mln soʻmni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.




