Banklar endi kredit xatarlari haqida mijozni oldindan ogohlantirishi shart boʻladi
Ogohlantirishda qarz oʻz vaqtida toʻlanmagan taqdirda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlar koʻrsatiladi. Jumladan, qarz miqdori ortishi, mol-mulk va bank hisobvaraqlaridagi mablagʻlarga undiruv qaratilishi hamda kredit tarixi buzilishi mumkinligi haqida axborot beriladi.

Markaziy bank boshqaruvining ayrim idoralararo normativ-huquqiy hujjatlarga qoʻshimchalar kiritish haqidagi qarori Adliya vazirligida 2026 yil 30 sentabrda 3948-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oy oʻtgach kuchga kiradi. Unga koʻra, banklar kredit reklamalarida qarzni oʻz vaqtida toʻlamaslik xavfli ekani haqida ogohlantirish berishi shart.
Rasm, video yoki audio shaklidagi reklamalarda bunday ogohlantirish reklama maydoni yoki vaqtining kamida 10 foizini egallashi kerak. Kredit shartnomasining birinchi sahifasida ham qarzni oʻz vaqtida toʻlamaslik oqibatlari haqida ogohlantirish joylashtiriladi. U sahifaning kamida 30 foizini egallashi kerak.
Ogohlantirishda qarz oʻz vaqtida toʻlanmagan taqdirda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlar koʻrsatiladi. Jumladan, qarz miqdori ortishi, mol-mulk va bank hisobvaraqlaridagi mablagʻlarga undiruv qaratilishi hamda kredit tarixi buzilishi mumkinligi haqida axborot beriladi.
Kredit mahsuloti haqida mijozni chalgʻituvchi reklama tarqatgan banklarga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllanilishi belgilangan.
Yangi tartib isteʼmolchilarga kredit olishdan oldin uning xatarlari va qarzni oʻz vaqtida toʻlamaslik oqibatlari haqida aniq hamda tushunarli maʼlumot olish imkonini beradi.
Qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan bir oy oʻtgach kuchga kiradi. Shundan soʻng kredit reklamasi va shartnomalarida belgilangan ogohlantirish talablariga rioya etilishi kerak boʻladi.
"Ushbu oʻzgartirishlar isteʼmolchilarning kredit olishdan oldin uning xatarlari va qarzni oʻz vaqtida toʻlamaslik oqibatlari haqida aniq va tushunarli maʼlumotga ega boʻlishini taʼminlaydi. Bu esa fuqarolarning oʻz imkoniyatlarini toʻgʻri baholab, oʻylab qaror qabul qilishiga, ortiqcha qarz yuki va muddati oʻtgan qarzdorliklar kamayishiga, banklarning reklama va kredit mahsulotlarida ochiq boʻlishiga va isteʼmolchilar uchun toʻgʻri maʼlumotlar berishga hamda mamlakatda masʼuliyatli qarz olish madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi", deyiladi Markaziy bank xabarida.




