14 yoshga toʻlmagan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun jazo 25 yilgacha yoki umrbod boʻlishi mumkin
Oliy Majlis Senati mazkur masalada qonunni koʻrib chiqmoqda. Bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan insonparvarlik aktlari, shartli ozod qilish, jazoni muddatidan oldin tugatish va boshqa yengillashtiruvchi choralarni qoʻllash imkoniyatlarini cheklash nazarda tutilmoqda.

14 yoshga toʻlmagan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun jazo kuchaytiriladi.
Bugun Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida "Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi Qonun koʻrib chiqilmoqda.
Senator Malika Qodirxonova qonun bilan kiritilayotgan eng muhim oʻzgarishlarga toʻxtalib, 14 yoshga toʻlmagan shaxslarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etganlar uchun jazo 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha kuchaytirilayotganini maʼlum qildi.
Shuningdek, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan insonparvarlik aktlari, shartli ozod qilish, jazoni muddatidan oldin tugatish va boshqa yengillashtiruvchi choralarni qoʻllash imkoniyatlarini cheklash nazarda tutilmoqda.
"Bu, avvalo, bolalarning huquqlarini kafolatlash va ularning kelajagi uchun davlat tomonidan qoʻyilayotgan eng muhim qadamlardan biri, deb hisoblayman", — dedi senator Malika Qodirxonova.
Avvalroq Qonunchilik palatasi yigʻilishida bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik uchun umrbod qamoq jazosi nazarda tutilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilingandi.
Eslatib oʻtamiz, Namanganda 5 yoshli qizchaning bogʻsa ombor mudiri tomonidan zoʻrlangani ortidan Oʻzbekistonda bolalarga nisabatan qilingan zoʻravonlik boʻyicha jazo chorasini kuchaytirish masalasi kun tartibiga chiqdi. Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva voqeaga munosabat bildirib, aybdor qonunchilik qoirasida eng ogʻir jazoga tortilishini aytdi. Ijtimoiy himoya agentligi direktori oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva esa ayblanuvchiga umrbod qamoq jazosi berilishini soʻradi.




