Toshkentda avtobus piyodani urib yubordi: ayol shifoxonada vafot etdi
30 sentabr kuni Toshkent shahrida MAN rusumli avtobus ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Hodisa oqibatida 1992 yilda tugʻilgan ayol vafot etgan.

Maʼlum qilinishicha, soat taxminan 17:00 da 8-avtobus saroyiga tegishli, 6-yoʻnalishda harakatlanayotgan avtobus Axmad Donish koʻchasida piyodalar uchun belgilanmagan joydan yoʻlni kesib oʻtayotgan ayolni urib yuborgan. Bu haqda Platina.uz manbasi xabar qildi.
Jabrlanuvchi shifoxonaga olib borilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan.
Avtobusni 1987 yilda tugʻilgan haydovchi boshqargan.
Hodisa yuzasidan 8-avtobus saroyi haydovchilariga yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha qoʻshimcha tushuntirishlar berilgan. Xususan, chorrahalar, svetoforlar va piyodalar oʻtish joylarida tezlikni pasaytirish hamda hushyorlikni oshirish soʻralgan.
Shuningdek, haydovchilarga Shota Rustaveli koʻchasida piyodalarning svetoforning taqiqlovchi signaliga rioya qilmayotgan holatlariga ham eʼtibor qaratilgan.
Masʼullar yoʻl harakatida ham haydovchi, ham piyoda qoidalarga amal qilishi inson hayoti xavfsizligi uchun muhim ekanini taʼkidlagan.




