Toshkentda jami 110 fuqaroni chuv tushirgan jinoiy guruh fosh etildi
"Kiberbunker" tashkil etgan firibgarlar fuqarolarga qoʻngʻiroq qilib, ularni goʻyoki aksiya gʻolibi boʻlganiga ishontirgan va mikroqarz va kredit limitlarini oʻzlashtirishgan.

Toshkentda fuqarolarga sovgʻa vaʼda qilib, kredit va mikroqarz limitlarini oʻzlashtirganlar aniqlandi. Unda jami 110 fuqaro aldangan.
Toshkent viloyati IIBBning Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari oʻtkazgan tezkor-qidiruv tadbirida koʻp qavatli uyning toʻrtinchi qavatida tashkil etilgan noqonuniy qoʻngʻiroqlar markazi fosh etildi.
IIBB xabariga koʻra, Fargʻona viloyatida yashovchi, 2005 yilda tugʻilgan D.X. va uning sheriklari fuqarolarga qoʻngʻiroq qilib, ularni goʻyoki aksiya gʻolibi boʻlganiga ishontirgan.
Soʻng "sovgʻa uchun toʻlov" fuqaroga ajratilgan kredit yoki mikroqarz limiti hisobidan vaqtincha yakka tartibdagi tadbirkorlik subʼektlariga oʻtkazilishi kerakligini aytgan. Buning evaziga aksiyada yutilgan maishiy texnika keyinroq yetkazib berilishini vaʼda qilishgan.
Guruh aʼzolari savdo platformasida oʻzlarini mahsulot yetkazib beruvchi sifatida ham roʻyxatdan oʻtkazgan.
Mahsulotini talab qilgan yoki shikoyat qilishini bildirgan ayrim xaridorlarga juda arzon, sifatsiz yoxud buyurtmaga mos kelmaydigan tovarlar yuborilgan.
IIBBga koʻra, shu tariqa fuqarolarning eʼtibori chalgʻib, ularga ajratilgan kredit yoki mikroqarz limitlari toʻliq oʻzlashtirilgan. Mablagʻlar oʻtkazilganidan keyin esa koʻp hollarda jabrlanuvchilar bilan aloqa uzilgan.
Tekshiruvlarda noqonuniy markazda besh nafar operator ishlagani aniqlangan. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn doʻkonlar nomidan yuzlab fuqarolarga qoʻngʻiroq qilgan.
Tezkor tadbir davomida 10 ta kompyuter jamlanmasi, sakkizta mobil telefon, fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlari va Uzum Nasiya orqali ajratilgan limitlar jadvallaridan iborat 150 varaq hujjat hamda ikkita daftar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda guruh aʼzolarining boshqa hududlardagi shunday holatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. Yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash va uni qoplash yuzasidan dastlabki tergov hamda tezkor-surishtiruv harakatlari davom etmoqda.




