Toshkentda avtobus pulini toʻlamay, nazoratchilarga qarshilik qilgan shaxs qamaldi
Undan yoʻl haqi toʻlovini tasdiqlovchi hujjatni soʻrashganda yoʻlovchi turli vajlarni keltirib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzgan. Sud majlisida huquqbuzarga nisbatan 3 sutka maʼmuriy qamoq jazosi berildi.

Avtobusda yoʻl kira haqini toʻlamagan va jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzib, janjal qilgan yoʻlovchiga 3 sutka maʼmuriy qamoq jazosi belgilandi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
"Toshkent shahar yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish" davlat muassasasi nazoratchilari tomonidan avtobuslarda toʻlov madaniyatini oshirishga qaratilgan kuchaytirilgan nazorat reyd tadbirlari olib borilmoqda.
Joriy yilning 15 avgust kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani hududida muassasa nazoratchilari tomonidan fuqaro M.M. avtobusdan bekatga tushganida yoʻl haqi toʻlovini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishini soʻragan vaqtda yoʻlovchi turli vajlarni keltirib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzgan holda nazoratchi talabini bajarmasdan qarshilik qilgan.
Fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritish jarayonida yoʻlovchi janjal chiqarib, nazoratchiga kuch ishlatishga uringan.
Bu holat nazoratchiga biriktirilgan bodi kamera orqali yozib olingan.
Mazkur holat yuzasidan-2026 yil 24 sentabr kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudi binosida, ochiq sud majlisi boʻlib oʻtdi. Sud majlisida huquqbuzar M.M. ga nisbatan 3 (uch) sutka maʼmuriy qamoq jazosi berildi.




