Oʻqituvchilarga toʻlangan mukofot pulidan daromad soligʻi olinadi
1 oktabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan pedagoglarga toʻlangan mukofot pullaridan daromad soligʻi ushlanganligiga doir xabarlarga izoh berildi.

Oʻqituvchilarga toʻlangan mukofot pulidan daromad soligʻi olinadi.
1 oktabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan umumtaʼlim muassasalari xodimlariga toʻlangan mukofot pullaridan daromad soligʻi ushlanganligiga doir xabarlarga izoh berildi.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentabrdagi 823-son qaroriga asosan, «1 oktabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni» munosabati bilan umumtaʼlim muassasalari xodimlari Direktor jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 75 foiziga qadar miqdorda mukofotlanishi mumkin.
Soliq kodeksining tegishli moddalariga koʻra, mazkur mukofot puli ragʻbatlantirish xususiyatiga ega toʻlov hisoblanadi hamda xodimning jami daromadlari tarkibiga kiritiladi. Shunga koʻra, ushbu pul mukofotiga daromad soligʻi solinadi.
Maʼlumot uchun: Soliq kodeksiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qarori asosida, bir yoʻla beriladigan pul mukofoti (masalan, «Yil oʻqituvchisi» tanlovi gʻoliblariga toʻlanadigan pul mukofoti) jismoniy shaxslarning jami daromadi tarkibiga kiritilmaydi va mazkur turdagi mukofot pullaridan daromad soligʻi ushlanmaydi.




