Oʻqituvchilar uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti taʼsis etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi. Taʼlim sohasi jadal rivojlanayotgani, oʻqituvchilik esa obroʻ-eʼtiborli kasbga aylanayotgani qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bayram munosabati bilan Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi.
"Maktab kelajak bogʻi boʻlsa, muallim shu maskanda umid nihollarini oʻstiradigan mohir bogʻbondir. Oʻqituvchi – mehr daryosi, ezgulik bulogʻi, maʼrifat quyoshidir. Shu bois, bu masʼuliyatli soha xodimlarining mehnatini ulugʻlash va qadrlashdan hech qachon charchamaymiz.
Bundan atigi oʻn yil oldin ijtimoiy hayotimizda gʻoyat ogʻir, ota-onalarni eng qiynaydigan soha – aynan taʼlim-tarbiya sohasi, eng kamsitilgan kasb egasi esa oʻqituvchilar edi. Sizlar bilan birga qattiq ishlab, qancha-qancha muammolarni hal qildik, oldimizda turgan toʻsiq-gʻovlarni bartaraf etdik. Hozirgi vaqtda taʼlim sohasi jadal rivojlanayotgan sohaga, oʻqituvchilik esa obroʻ-eʼtiborli kasbga aylanmoqda", deydi davlat rahbari.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi 40 ming oʻqituvchi 1 ming dollar, ularning 1 ming 500 nafari 2 ming dollardan ziyod miqdorda maosh olmoqda. Joriy yil yangi formatda oʻtkazilgan “Yil oʻqituvchisi” tanlovining 208 nafar tuman va shahar bosqichi gʻoliblariga ilk bor 616 million soʻmdan mukofot berildi. Bunday ragʻbatlantirish mexanizmlari kelgusi yilda bogʻcha tarbiyachilari va texnikum ustalari faoliyatiga ham joriy etiladi.
Soʻnggi oʻn yilda yurtimizda 1 million 800 ming oʻrinli bogʻcha, 1 million 500 oʻrinli maktablar barpo etganimiz, 10 mingdan ziyod bogʻcha va maktabni zamonaviy koʻrinishga keltirganimiz tariximizda misli koʻrilmagan natijalardir. Prezident, ixtisoslashgan va ijod maktablari kabi mutlaqo yangi namunadagi taʼlim dargohlari paydo boʻlgani, oliy oʻquv yurtlari soni 77 tadan 205 taga oʻsib, ulardagi qamrov 45 foizga yetgani ham albatta katta ijobiy oʻzgarishdir.
Sohada xususiy sektor izchil rivojlanib, sogʻlom raqobat muhiti shakllanmoqda. Eng muhimi, ana shunday sharoitda ishlash, bilim va malakasini oshirish va namoyon etishga qodir boʻlgan yangi pedagoglar avlodi maydonga chiqmoqda.
Taʼlim islohoti yoʻlidagi bunday ulkan yutuqlar bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Tabiiyki, bularning barchasi oʻquv-tarbiya ishlarining sifati va samarasini oshirishga xizmat qilmoqda. Masalan, 2026 yilda yurtimiz oʻquvchilari xalqaro olimpiadalarda 228 ta medalni qoʻlga kiritgani, jumladan, mamlakatimizda boʻlib oʻtgan xalqaro kimyo va informatika olimpiadalarida oʻgʻil-qizlarimiz yuqori oʻrinlarni egallagani gʻoyat quvonarlidir.
Ilgʻor pedagoglarni ragʻbatlantirish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi davlat mukofoti taʼsis etiladi.
"Yangi Oʻzbekiston yoshlarini “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” deb yashaydigan avlod sifatida kamol toptirishning beqiyos ahamiyatini yaxshi tushunadigan siz, hurmatli ustoz va murabbiylar boy bilim va tajribangiz, isteʼdod va mahoratingiz bilan bu jarayonlarda faol ishtirok etasiz deb ishonaman. Sizlarni yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat tilayman", deyiladi prezident tabrigida.




