Bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik uchun umrbod qamoq jazosi nazarda tutilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi
Hujjatga koʻra, 14 yoshga toʻlmagan bolalarga nisbatan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zoʻrlik bilan gʻayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Zoʻravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh boʻlgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish mexanizmlari yoʻlga qoʻyiladi.

Qonunchilik palatasida bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik uchun umrbod qamoq jazosi nazarda tutilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.
Hujjatga koʻra, 14 yoshga toʻlmagan bolalarga nisbatan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zoʻrlik bilan gʻayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Shuningdek, zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarni soʻroq qilishni videoyozuvga olish va ularga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish nazarda tutilgan.
Zoʻravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh boʻlgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish mexanizmlari ham aks ettirilmoqda.
Shu bilan birga, bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish, Bolalar masalalari boʻyicha komissiyalar qarorlarini ijro etmaslik yoki ularning ijrosiga toʻsqinlik qilish uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Taʼlim tashkiloti xodimi tomonidan taʼlim-tarbiya jarayonida bolaga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga koʻra bekor qilish uchun asos boʻlishiga oid qoidalar ham nazarda tutilgan.
Qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida soha mutaxassislari, deputatlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida uning normalari atroflicha muhokama qilindi. Keng jamoatchilik muhokamasi davomida kelib tushgan takliflar ekspertlar tomonidan oʻrganilib, asoslantirilganlari qonun loyihasini takomillashtirishda inobatga olindi.
Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan normalar bilan jinsiy zoʻravonlikka uchragan voyaga yetmaganlarga davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish tartiblari aniqlashtirildi.
Voyaga yetmagan guvohlarni soʻroq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish majburiyligi belgilanib, vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokiga oid qoidalar takomillashtirildi.
Eslatib oʻtamiz, Namanganda 5 yoshli qizchaning bogʻsa ombor mudiri tomonidan zoʻrlangani ortidan Oʻzbekistonda boalarga nisabatan qilingan zoʻravonlik boʻyicha jazo chorasini kuchaytirish masalasi kun tartibiga chiqdi. Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva voqeaga munosabat bildirib, aybdor qonunchilik qoirasida eng ogʻir jazoga tortilishini aytdi. Ijtimoiy himoya agentligi direktori oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva esa ayblanuvchiga umrbod qamoq jazosi berilishini soʻradi.




