Turkiya Xalqaro astronavtika kongressiga mezbonlik qiladi
5-9 oktabr kunlari Belekda 77 Xalqaro astronavtika kongressi (IAC) boʻlib oʻtadi. 2026 kosmik sohadagi ilmiy ishlanmalar, mahsulotlar va ilgʻor texnologiyalarni namoyish etish uchun muhim maydon boʻladi.

Turkiya 2026 yilda dunyo miqyosidagi nufuzli tadbirlarga mezbonlik qilib, xalqaro maydondagi mavqeini yanada mustahkamlamoqda. Bu jarayonda Turk Riviyerasining yetakchi sayyohlik markazi Antaliya alohida oʻrin tutadi. Turizm bilan bir qatorda, shahar osmon jismlarini oʻrganish anʼanalari bilan ham tanilgan. Saklikentdagi Bakirlitepe togʻida, dengiz sathidan 2500 metr balandlikda joylashgan TÜBİTAK Milliy rasadxonasi (TUG) buning yorqin dalilidir. Shaharning kosmik yoʻnalishdagi bu salohiyati endilikda xalqaro miqyosdagi anjuman orqali yanada keng namoyon boʻladi.
5-9 oktabr kunlari Belekda 77 Xalqaro astronavtika kongressi (IAC) boʻlib oʻtadi. Kongress Turkiya Sanoat va texnologiyalar vazirligi, Turkiya Kosmik agentligi (TUA) hamda SAHA Istanbul aviatsiya-kosmik klasteri hamkorligida tashkil etilib, global kosmik hamjamiyatni ilk bor Turkiyada birlashtiradi. Tadbir Turkiyaning eng yirik konferensiya majmualaridan biri - NEST Kongress markazida oʻtkaziladi.
Turli mamlakatlardan keladigan astronavtlar, xalqaro kompaniyalar vakillari va 10 mingdan ortiq ishtirokchini jamlaydigan IAC 2026 kosmik sohadagi ilmiy ishlanmalar, mahsulotlar va ilgʻor texnologiyalarni namoyish etish uchun muhim maydon boʻladi. Kongress dasturidan tajriba almashish va kosmik sanoat kelajagini muhokama qilishga qaratilgan sessiyalar, xalqaro koʻrgazmalar, yuqori darajadagi rasmiy uchrashuvlar, kompaniyalar taqdimotlari, akademik va texnik yigʻilishlar, shuningdek, sohadagi eng ilgʻor yutuqlar namoyishi oʻrin oladi.
Kongress Turkiyaning boy madaniy merosi va mehmondoʻstlik anʼanalarini aks ettiruvchi tantanali ochilish marosimi bilan boshlanadi. Tadbir davomida astronavtlar, ayniqsa, talabalar va yosh mutaxassislar bilan uchrashib, kosmik parvoz haqidagi bevosita taassurotlarini ulashadi. Kongress dasturining eng yorqin voqealaridan biri esa qadimiy Aspendos teatrida oʻtkaziladigan IAC 2026 gala kechasi va ziyofati boʻladi.
Kongress “Dunyoga koʻproq kosmos kerak” shiori ostida oʻtkaziladi. Mazkur shior koinotni barqaror va adolatli tarzda oʻrganishga chorlaydi hamda kosmosni xavfsiz va barchaga ochiq tarzda tadqiq etish, asrash zaruratini taʼkidlaydi. Shuningdek, u kosmosning tinchlik makoni boʻlib qolishini taʼminlashga qaratilgan global hamkorlikni kuchaytirishga undaydi. Bunday hamkorlik kosmik imkoniyatlardan barcha davlatlar teng bahramand boʻlishi va kosmik makon kelajak avlodlar uchun asrab-avaylanishini koʻzda tutadi.
“Turquoise” bilan tanishing: IAC 2026 maskoti
IAC 2026 kongressining rasmiy maskoti Antaliyaning tiniq va moviy suvlaridan ilhomlangan Turquoise nomli Caretta caretta dengiz toshbaqasidir. Bu toshbaqalar Oʻrta yer dengizining eng taniqli jonivorlaridan boʻlib, ular Antaliyadagi, jumladan, Belekdagi qator sohillarda tuxum qoʻyadi.

Caretta caretta toshbaqalari Turkiya sohillaridan minglab kilometr masofani bosib oʻtib, tuxum qoʻyish uchun oʻzlari tugʻilgan Antaliya sohillariga qaytadi. Ularning kashfiyotga intilishi insoniyatning kosmos sari yoʻlini aks ettirsa, oʻz uyiga qaytishi Yer bizning haqiqiy uyimiz ekanini eslatadi. Shu bois Turquoise shunchaki ramz emas, balki Antaliya va kosmik soha uchun muhim timsoldir.
Antaliya: Turkiyaning turizm va tadbirlar markazi
Antaliya soʻlim plyajlari, qadimiy shaharlari, joʻshqin gastronomik muhiti va xilma-xil sport imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Biroq shaharning salohiyati turizm bilan cheklanmaydi. Astronomiya va aerokosmik muhandislik kabi yoʻnalishlarda faoliyat yurituvchi universitetlar hamda ilmiy-tadqiqot markazlari Antaliyani fan, texnologiya va xalqaro hamkorlik uchun ham muhim maskanga aylantirmoqda.
Havo, quruqlik va dengiz orqali qulay yetib borish mumkin boʻlgan Antaliyada koʻplab hashamatli mehmonxonalar hamda umumiy sigʻimi 175 mingdan ortiq boʻlgan kongress va konferensiya maskanlari mavjud. Shaharning bu salohiyati ishtirokchilarga konferensiya zalida ham, undan tashqarida ham mazmunli va unutilmas vaqt oʻtkazish imkonini beradi.




