“Shaxmat Oʻzbekistonga qaytib keldi” — Rustam Qosimjonov
Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxmatchilar bilan uchrashuvida jahon chempioni Rustam Qosimjonov Samarqandda oʻtgan Olimpiadani "tarixiy voqea" deb atadi.

Rustam Qosimjonov Samarqandda oʻtgan Olimpiadani "tarixiy voqea" deb atadi.
Uning taʼkidlashicha, musobaqa ilk bor Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoda oʻtkazildi, unda 200 ta davlatdan shaxmatchilar ishtirok etdi.
“Biz Olimpiadada oʻynayotganimizda har bir daqiqa, har kuni eʼtiboringizni sezib turdik. Menimcha, qiyin daqiqalarda mana shu eʼtiboringiz, niyatlaringiz yigitlarimizga kuch-quvvat berdi”, — dedi Qosimjonov.
Grossmeyster soʻnggi yillarda yosh shaxmatchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar natijasida Oʻzbekiston jahon shaxmatining muhim markazlaridan biriga aylanganini alohida taʼkidladi.
“Biz shaxmatning markazi Oʻzbekiston boʻlganini koʻryapmiz. Shaxmat Oʻzbekistonga qaytib keldi. Shaxmat Oʻzbekistonda paydo boʻlgan, shaxmat Oʻzbekistonga qaytib keldi. Eng kuchli shaxmatchilar bizda, eng yaxshi federatsiya bizda. Shaxmat markazi bugun Toshkent, Samarqand. Buni xorijdagi hamkasblarimiz ham tan olyapti”, — dedi u.
Qosimjonov uchrashuv yakunida yana bir ramziy voqeaga eʼtibor qaratdi. Olimpiada gʻolibiga topshiriladigan 100 yillik tarixga ega Gamilton–Rassel kubogida endi “Oʻzbekiston” nomi ikki marta yozilgan.
Rustam Qosimjonov ushbu tarixiy kubokni Prezident Shavkat Mirziyoyevga topshirdi.




