“Sharafli unvon butun Oʻzbekistonga muborak boʻlsin” – Prezident chempionlarni va oʻzbek xalqini shaxmatdagi tarixiy gʻalaba bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoalari aʼzolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuv oʻtkazmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoalari aʼzolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuv oʻtkazmoqda.
Davlatimiz rahbari shaxmatchilarimizni 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy gʻalaba bilan yana bir bor tabrikladi.
«Ikki karra Olimpiada chempioni degan yuksak va sharafli unvon barchamizga, butun Oʻzbekiston xalqiga muborak boʻlsin!» — dedi Prezidentimiz.
Samarqanddagi Olimpiada oddiy sport musobaqasi boʻlmagani taʼkidlandi. Unda 200 dan ortiq mamlakatdan qariyb 2 ming shaxmatchi, jumladan, kuchli grossmeysterlar va amaldagi chempionlar jam boʻldi.
«Shunday ulkan raqobat ichida Oʻzbekiston bayrogʻini eng balandga koʻtarish bu haqiqiy jasorat, katta aql-zakovat va mustahkam iroda namunasidir», — dedi davlatimiz rahbari.
Gʻalabaga oʻz yurtimizda, xalqimiz koʻz oʻngida erishilgani unga alohida maʼno bagʻishladi. Olimpiadani bevosita kuzatish uchun Samarqandga 60 mingdan ortiq mehmon keldi; hududlardagi fan-zonalarda qariyb 500 ming muxlis, teleekran va internet orqali esa millionlab vatandoshlarimiz oʻyinlarni kuzatdi.




