“Prezidentimizning yonida mening ham bolam turarmikan, deb juda havas qilardim”
Prezident bilan uchrashuvda shaxmatchi Muhiddin Madaminovning onasi Iroda Isroilova soʻzga chiqdi. Hayajonini yashira olmagan ona davlat rahbariga farzandi va boshqa yosh shaxmatchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxmatchilar bilan uchrashuvida Muhiddin Madaminovning onasi Iroda Isroilova soʻzga chiqdi.
“Prezidentimiz bolalar bilan suhbat qurganlarini televideniyeda koʻrib, men ham juda havas qilganman. “Mening bolamning orqasida ham Prezidentimiz turarmikan, yonida bolam turarmikan”, deb... Allohga behisob shukr, shu kunlarga yetkazganiga. Men baxtli onaman”, — dedi u.
Iroda Isroilova farzandi shaxmatda ilk qadamlarini qoʻyayotgan paytlarda ota-onalar uchun hatto xorijga chiqish vizasi va aviachipta xarajatlarini qoplash, chet ellik murabbiy jalb qilishning oʻzi katta muammo boʻlganini esladi.
“Bularning hammasini qilib berganingiz uchun, bolalarimiz shu darajaga tezlikda yetib chiqqanlari uchun sizga alohida minnatdorlik bildiraman. Hozirgi kunda bir ona uchun bizga boshqa nima kerak? Faqat Sizni, bolalarimizni duo qilamiz”, — dedi shaxmatchining onasi.
Yillar oldin televizor qarshisida turib, oʻz farzandi haqida ham shu kunlarni orzu qilgan ona bugun Prezident qarshisida turib oʻsha orzusi ushalganini taʼkidladi.




