Pensiya jamgʻarmasi fuqarolardan qogʻoz hujjatlar qabul qilishni toʻxtatadi
2027 yil 1 yanvardan rasmiy daromadga ega boʻlgan shaxslarga ishlamaydigan oila aʼzolari ish stajiga ega boʻlishi uchun har oyda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 12 foizi miqdorida ijtimoiy soliq toʻlash huquqi beriladi.

“Davlat pensiya taʼminotiga oid zamonaviy xizmatlarni joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Prezident qarori (PQ-355-son, 28.09.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, pensiya taʼminotiga oid fuqarolarga koʻrsatiladigan xizmatlar 2027 yil 1 yanvarga qadar toʻliq interaktiv va proaktiv shaklga oʻtkaziladi.
Pensiya taʼminotiga oid quyidagi xizmatlar fuqarolardan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda koʻrsatiladi:
- 2026 yil 1 noyabrdan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslarga umumiy belgilangan yoshdan ikki yil avval yoshga doir pensiya tayinlash;
- 2027 yil 1 yanvardan boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini tayinlash.
2027 yil 1 yanvardan “Mening pensiyam” onlayn xizmati doirasida pensiya yoshiga bir yil qolgan fuqarolarni oldindan xabardor qilish imkoniyati yaratiladi.
2027 yil 1 yanvardan Pensiya jamgʻarmasi tomonidan fuqarolardan qogʻoz shaklidagi hujjatlar hamda maʼlumotlarni qabul qilish amaliyoti bekor qilinadi.
Quyidagi xizmatlar fuqarolarning xohishiga koʻra, interaktiv shaklda koʻrsatiladi:
- 2026 yil 1 noyabrdan mehnat sharoiti zararli va ogʻir ishlarda band boʻlgan hamda boshqa umumiy belgilangan yoshni qisqartirgan holda pensiya olish huquqi mavjud shaxslarga imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash;
- 2026 yil 1 dekabrdan Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, pensiyaning boshqa turiga oʻtkazish uchun murojaat qilish;
- 2027 yil 1 yanvardan pensiya toʻlovini naqd pul shakliga oʻtkazish va toʻxtatib turilgan pensiya toʻlovlarini tiklash.
2026 yil 1 oktabrdan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida faoliyatni amalga oshiruvchilar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun belgilangan miqdordagi ijtimoiy soliq toʻlaganda, ularga bir yil ish staji avtomatik hisoblanadi.
Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan rasmiy daromadga ega boʻlgan shaxslarga ishlamaydigan oila aʼzolari ish stajiga ega boʻlishi uchun har oyda ixtiyoriy ravishda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 12 foizi miqdorida ijtimoiy soliq toʻlash huquqi beriladi.




