Oʻzbekiston Global innovatsiya indeksi reytingida oʻsishga erishdi
29 sentabr kuni eʼlon qilingan GII'ning 2026 yil hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston oʻtgan yilgi koʻrsatkichga nisbatan 2 pogʻona oʻsib, 139 ta mamlakat orasida 77-oʻrinni egalladi. Oʻzbekiston quyi va oʻrta daromad guruhida 36 ta mamlakat oʻrtasida kuchli 8 talik hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida 11 ta mamlakat ichida kuchli 4 talik mamlakatlar qatoridan joy oldi.

Global innovatsiya indeksi (GII) reytingi hisoboti Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan Portulans instituti (AQSh), turli korporativ va akademik tarmoq hamda GII maslahat kengashi bilan hamkorlikda tayyorlanib, har yili sentabr oyida eʼlon qilinadi. Reyting global tadqiqot va innovatsion rivojlanish boʻyicha dunyo mamlakatlari faoliyatini baholaydigan yetakchi tadqiqot hisoblanadi hamda 2 ta subindeks va 7 ta yoʻnalish guruhiga birlashtirilgan 80 ga yaqin indikatorni oʻz ichiga oladi.
Joriy yil 29 sentabr kuni eʼlon qilingan GII'ning 2026 yil hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston oʻtgan yilgi koʻrsatkichga nisbatan 2 pogʻona oʻsib, 139 ta mamlakat orasida 77-oʻrinni egalladi.
Oʻzbekiston quyi va oʻrta daromad guruhida 36 ta mamlakat oʻrtasida kuchli 8 talik hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida 11 ta mamlakat ichida kuchli 4 talik mamlakatlar qatoridan joy oldi.
Reytingning alohida subindekslari boʻyicha koʻrsatkichlar:
- Innovatsiyalarga yoʻnaltiriladigan sarmoya va resurslar (innovation input) subindeksida 68-oʻrin (1 pogʻonaga oʻsdi);
- Innovatsiyalar natijadorligi (innovation output) subindeksida 78-oʻrin (14 pogʻonaga oʻsdi) qayd etildi.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston GII reytingiga ilk bor 2015 yilda qoʻshilgan boʻlib, 141 ta mamlakat orasida 122-oʻrinni egallagan edi. Mamlakatimiz 2025 yilda 139 ta mamlakat orasida 79-oʻrindan joy olgan.
Oʻzbekiston GII reytingida ilm-fan, tadbirkorlik va mehnat unumdorligi boʻyicha jahonda yuqori natijalarni qayd etdi. Xusesan, mamlakatimiz alohida indikatorlarda quyidagi yuqori oʻrinlarni egalladi:
- "Ilm-fan va muhandislik sohasida bitiruvchilar" indikatorida — 2-oʻrin;
- "Tadbirkorlik siyosati va madaniyati" indikatorida — 3-oʻrin;
- "Startap va skaylaplarni moliyalashtirish" indikatorida — 4-oʻrin;
- "Mehnat unumdorligi oʻsishi" indikatori boʻyicha — 7-oʻrin.
Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 16 fevraldagi "Mamlakat taraqqiyotining 2030 yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-21-son Farmoniga koʻra, GII reytingida 2030 yilga kelib Oʻzbekistonni dunyodagi yetakchi 60 ta innovatsion davlat qatoriga kiritish vazifasi hamda 2026 yilda 77-oʻrinni egallash maqsadli koʻrsatkichi belgilangan edi.




