Koʻp kvartirali uylarni ruxsatnomasiz qurganlar besh yilgacha qamalishi mumkin
Shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish odam oʻlishiga yoxud boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.

Koʻp kvartirali uylarni ruxsatnomasiz qurish uchun javobgarlik kuchaytiriladi.
Qonun (OʻRQ-1179-son, 28.09.2026 y.) bilan qurilish sohasida davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalaridan ruxsatnoma olish talab etiladi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, koʻp kvartirali uylarni qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasisiz qurish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa,
- uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Shuningdek, shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish odam oʻlishiga yoxud boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, –
- besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.




