Davlat mehnat inspeksiyasi paxta terimi boʻyicha ogohlantirish bilan chiqdi
Mehnat qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlash, majburiy va bolalar mehnatining oldini olish maqsadida maxsus shtab tuzilgan.

Oʻzbekistonda paxta yigʻim-terimi mavsumi boshlandi.
Mavsum davomida mehnat qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlash, majburiy va bolalar mehnatining oldini olish maqsadida tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat shtab faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Davlat mehnat inspeksiyasining maʼlum qilishicha, tashkil etilgan ishchi guruhlar paxta yigʻim-terimi jarayonlarida mehnat qonunchiligi talablariga rioya etilishini monitoring qilib bormoqda.
Nazorat jarayonlarida ishchilarning mehnat huquqlari va qonuniy manfaatlari taʼminlanishi, mehnat munosabatlarining belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi, ish vaqti va dam olish tartibiga hamda mehnatga haq toʻlash talablariga rioya etilishiga eʼtibor qaratilishi belgilangan.
Inspeksiya ish beruvchilar va fermer xoʻjaliklariga paxta yigʻim-terimi davomida fuqarolarni majburan mehnatga jalb qilmaslik hamda bolalar mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha ogohlantirgan.
Ota-onalarga esa farzandlarining taʼlim olishiga sharoit yaratish va oʻquvchilarni paxta yigʻim-terimiga jalb qilmaslik tavsiya etilgan.




