Toshkent aeroportida "Iphone 18"ni yashirincha olib oʻtayotganlar qoʻlga tushdi
Bojxona xodimlarining ogʻzaki soʻrovida va yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida maʼlum qilinmagan mazkur mobil qurilmalarning jami qiymati 227 mln soʻmni tashkil qilgan.

Poytaxt aeroportida "Iphone 18" ni yashirincha olib kirishga urinishlar fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Amaldagi tartiblarga koʻra, jismoniy shaxslarga oʻz ehtiyojlari uchun 2 donagacha mobil qurilmalarni olib kirishlariga ruxsat etiladi.
Bunda mobil qurilmalarning qiymati jismoniy shaxslar uchun tovarlarni bojsiz olib kirish meʼyoridan oshsa, oshgan qismiga tovarning 30 foiz miqdorida yagona bojxona toʻlovi undiriladi.
Eng muhimi, jismoniy shaxslar tomonidan chetdan olib kirilayotgan mobil qurilmalar albatta yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilishi shart. Chunki, ayni shu deklaratsiya keyinchalik mobil qurilmani UzIMEI tizimidan roʻyxatdan oʻtkazishda asos boʻlib xizmat qiladi.
.jpg)
“Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan 20-22 sentabr kunlari davomida Dubaydan uchib kelgan 3 nafar yoʻlovchilar 8 dona yangi “Iphone 18” hamda 6 dona “Iphone 17” rusumidagi zamonaviy smartfonlarni yashirincha olib kirishga urinishgan.
Bojxona xodimlarining ogʻzaki soʻrovida va yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida maʼlum qilinmagan mazkur mobil qurilmalarning jami qiymati 227 mln soʻmni tashkil qilmoqda.
Raqamlarga koʻra, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan yil boshidan buyon qiymati 7,8 mlrd soʻmlik 162 dona mobil qurilmalarning noqonuniy olib kirilishi oldi olingan.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.




