Samarqandda inson huquqlari boʻyicha forum majlisi oʻtkazildi
Ushbu nufuzli tadbir “Inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro paktlar, rivojlanish huquqi va global hamjihatlik: zamonaviy tahdidlar sharoitida yangi qarash” mavzusiga bagʻishlandi.

28 sentabr kuni poytaxtimizda Inson huquqlari boʻyicha beshinchi Samarqand forumi tantanali ochilish marosimidan soʻng Forumning Yuqori darajadagi majlisi boʻldi.
Ushbu nufuzli tadbir “Inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro paktlar, rivojlanish huquqi va global hamjihatlik: zamonaviy tahdidlar sharoitida yangi qarash” mavzusiga bagʻishlandi. Bu haqda Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazining matbuot xizmati xabar berdi.
Asosiy maʼruzalarni BMT va uning tuzilmalari, YeXHT, ShXT, IHT, MDH, TURKPA kabi xalqaro va mintaqaviy xalqaro tashkilotlar rahbarlari hamda yetakchi ekspertlari taqdim etdilar.
Xususan, BMT Inson huquqlari qoʻmitasi raisi Changrok Soh, Osiyoda oʻzaro hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash Bosh kotibi oʻrinbosari Lin Chjan, MDH Inson huquqlari boʻyicha komissiyasi raisi Yevgeniya Paramonova, TURKPA Taʼlim, madaniyat, ijtimoiy va gumanitar masalalar komissiyasi kotibi Kadir Yamanning maʼruzalari tinglandi.
Forumda, shuningdek, EXHTning milliy ozchiliklar boʻyicha Oliy komissari Kristof Kamp, BMT Aholishunoslik fondi (UNFPA)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori oʻrinbosari Klaus Bek onlayn ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.

Bundan tashqari, BMTning Qiynoqlarning oldini olish boʻyicha kichik qoʻmitasi (SPT) milliy profilaktika mexanizmlari boʻyicha rais oʻrinbosari Elina Shteynerte, BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi boʻyicha maxsus maʼruzachisi Margaret Sattertueyt, Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Nurlan Ermekbayev, BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH boʻyicha mintaqaviy byurosi maʼmuriyat yordamchisi oʻrinbosari va mintaqaviy direktor oʻrinbosari Nik Xartman yoʻllagan videomurojaatlar namoyish etildi.
Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining ijrochi direktori Hadi bin Ali Alyami va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Bosh kotibi Sergey Lebedev nutqi oʻqib eshittirildi.
Muhokamalarda inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tizimining olti oʻn yillikdan keyingi transformatsiyasi evaziga erishilgan natijalar, mavjud muammolar va rivojlanish istiqbollari haqida fikr yuritildi. Zamonaviy global tahdidlar sharoitida barcha inson huquqlarining universalligi, boʻlinmasligi, oʻzaro bogʻliqligi va oʻzaro aloqadorligi taʼkidlandi.

Inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro tizimi kelajagi, yaʼni Xalqaro paktlarning olti oʻn yillikdan keyingi ijrosi va inson huquqlari boʻyicha xalqaro arxitekturani mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Rivojlanish huquqi universal inson huquqi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va global tengsizlikni qisqartirishning muhim omili ekani qayd etildi.
Global hamjihatlik va xalqaro hamkorlik zamonaviy tahdidlarga, jumladan raqamli transformatsiya, iqlim oʻzgarishi, mojarolar va gumanitar inqirozlarga samarali javob berishning asosi sifatida eʼtirof etildi. Urush sharoitida insoniylik omili, jumladan, zamonaviy qurolli mojarolar sharoitida xalqaro huquq oldida paydo boʻlgan tahdidlarga eʼtibor qaratildi.
Shuni taʼkidlash kerakki, Inson huquqlari boʻyicha beshinchi Samarqand forumi “Inson huquqlari boʻyicha xalqaro paktlarning 60 yilligi va Rivojlanish huquqi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning 40 yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yoʻlida global sheriklik” mavzusiga bagʻishlangan.
Forum Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi, YeXHT, Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasi hamda Xalqaro taraqqiyot va adolat markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.




