Oktabr oyida kutilayotgan taxminiy ob-havo eʼlon qilindi
Joriy yilning oktabr oyi beqaror ob-havo bilan boshlanadi. 1 oktabr kuni respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlarida sentabrning soʻnggi kunlarida boshlanishi kutilayotgan nam va nisbatan salqin havo oqimining kirib kelishi davom etadi. Shu kuni ushbu viloyatlarning ayrim joylarida yomgʻir yogʻadi.

Oktabr oyida qanday ob-havo kutiladi?
Joriy yilning oktabr oyi beqaror ob-havo bilan boshlanadi.
1 oktabr kuni respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlarida sentabrning soʻnggi kunlarida boshlanishi kutilayotgan nam va nisbatan salqin havo oqimining kirib kelishi davom etadi. Shu kuni ushbu viloyatlarning ayrim joylarida yomgʻir yogʻadi, eng jadal yogʻingarchilik togʻoldi va togʻli hududlarda kuzatiladi. Baland togʻli hududlarda yomgʻir qorga aylanishi mumkin.
2–4 oktabr kunlari respublika hududining katta qismida yogʻingarchilik kutilmaydi, havo harorati koʻtarila boshlaydi. 4 oktabrda respublikaning shimoli-gʻarbiy hududlariga sovuq va nam havoning yangi oqimi kirib kela boshlaydi, 5–7 oktabr kunlari esa u asta-sekin Oʻzbekistonning barcha hududlariga tarqaladi.
Haroratning bunday oʻzgarib turishi oktabr oyining oxirigacha davom etadi. Tungi havo harorati 10–13 daraja iliqqacha, kunduzgi havo harorati 25–28 daraja iliqqacha koʻtariladigan iliq ob-havo fonida vaqti-vaqti bilan salqinlashish davrlari kuzatilishi kutilmoqda.
Sovuq havo oqimlari kirib kelgan davrlarda havo harorati kechasi 3–8 daraja iliqqacha, kunduzi 15–20 daraja iliqqacha pasayishi mumkin. Respublikaning shimoliy hududlarida salqinlashish sezilarli boʻlib, havo harorati kechasi 0–2 daraja sovuqqacha, kunduzi 10–15 daraja iliqqacha pasayadi.
Oktabr oyining oʻrtacha harorat foni iqlimiy meʼyor atrofida, ayrim joylarda esa undan yuqori boʻlishi kutilmoqda.
Yogʻingarchilik hududlar va vaqt boʻyicha notekis taqsimlanishi mumkin. Oktabrda respublikaning shimolida yogʻingarchilik miqdori iqlimiy meʼyordan kam, markaziy va janubi-sharqiy hududlarda esa meʼyor atrofida boʻlishi taxmin qilinmoqda.
Shu bilan birga, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida, shuningdek, Fargʻona vodiysi viloyatlarining ayrim tumanlarida yogʻingarchilik miqdori iqlimiy meʼyordan koʻp boʻlishi ehtimoli bor.




