Netanyaxu Abu-Dabiga yashirin tashrif bilan bordi — OAV
Netanyaxuning BAA prezidenti bilan uchrashuvi "Haaretz" gazetasining yangi xabaridan keyin boʻldi. Gazeta yozishicha, Shayx Muhammad 2023 yil 7 oktabr hujumidan bir yarim hafta oldin Netanyaxuni HAMAS Isroilga zarba tayyorlayotgani haqida ogohlantirgan.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu yakshanba kuni Abu-Dabiga borib, BAA prezidenti Shayx Muhammad bin Zayd Ol Nahayyon bilan uchrashdi. Bu haqda "Reuters"ga Isroilning yuqori martabali rasmiysi maʼlum qildi. Netanyaxu idorasi ham, BAA Tashqi ishlar vazirligi ham hozircha izoh bermadi.
Safar "Haaretz" gazetasining yozishicha, Shayx Muhammad 2023 yil 7 oktabr hujumidan bir yarim hafta oldin Netanyaxuni HAMAS Isroilga katta zarba tayyorlayotgani haqida ogohlantirgan. "Haaretz" bu ogohlantirish Isroil razvedkasi va armiyasiga yetkazilmaganini ham qoʻshgan.
Netanyaxu bu xabarni rad etib, gazetani sudga berish bilan qoʻrqitgan.
Abu-Dabi "Haaretz" xabariga izoh bermadi. Ammo 2020 yilda diplomatik aloqalar oʻrnatilganidan beri Isroil bilan "ochiq va toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa kanallari" borligini oldin ham aytgan. Ilgari BAA manbasi "Reuters"ga xavfsizlik masalalari boshqa davlatlar bilan tegishli idoralar orqali muhokama qilinishini, lekin bu jarayon rahbarlar darajasida boʻlmasligini bildirgan edi.
Shu yil boshida ham shunga oʻxshash holat kuzatilgan edi. May oyida Netanyaxu idorasi bosh vazir BAAga "maxfiy tashrif" bilan borib, prezident bilan uchrashganini eʼlon qilgan, BAA esa bunday uchrashuvni rad etgan. "Reuters"ga gapirgan manbaga koʻra, oʻshanda uchrashuv 26 martda Ummon chegarasi yaqinidagi Al-Ayn shahrida boʻlgan.
"Eron bilan urush paytida hujumga uchragach, BAA AQSh va Isroil bilan aloqalarini mustahkamladi. Ikki davlat 2020 yildagi Ibrohim kelishuvlari doirasida diplomatik munosabat oʻrnatgan. Isroil bilan aloqa Abu-Dabiga mintaqada taʼsirini oshirish imkonini beradi va Vashington bilan muloqotda qoʻshimcha kanal vazifasini oʻtaydi", — deyiladi "Reuters" xabarida.




