Janubiy Koreya rasmiylari Ukrainadan uzr soʻrashni talab qildi
Bu KXDR asirlari bilan bogʻliq. Prezident devoni Ukrainani maxfiylik kelishuvini buzishda aybladi.

Rossiya armiyasi safida urushda qatnashib asirlikka tushgan Shimoliy Koreyaning ikki nafar harbiy xizmatchisini Ukraina Janubiy Koreyaga topshirgan edi. Koreya prezidenti idorasi bu maʼlumotni oshkor qilgani uchun Ukrainadan rasmiy tushuntirish va uzr soʻrashni talab qilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, Ukraina va Janubiy Koreya asirlarni topshirish haqidagi maʼlumotni maxfiy saqlashga oldindan kelishib olgan. Biroq Kiyev bu maʼlumotni bir tomonlama oshkor qilgan.
“Prezident devoni Ukrainaning bu maʼlumotni bir tomonlama oshkor qilgani va keyinchalik maxfiylik toʻgʻrisida kelishuv boʻlmaganini aytib, notoʻgʻri bayonot berganidan chuqur afsusda”, — dedi prezidentning jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha katta kotibi Son Ghi Xong yakshanba kuni eʼlon qilingan bayonotda.
Sonning taʼkidlashicha, Ukraina turli kanallar orqali asirlarni Seulga topshirish masalasini bir necha bor muhokama qilgan va bu maʼlumotni sir saqlashni soʻragan. Kiyev bunga transferning oshkor etilishi mamlakat ichida Ukraina harbiy asirlarini almashtirish imkoniyatidan voz kechgani haqidagi tanqidlarga sabab boʻlishi mumkinligini asos qilib keltirgan.
Janubiy Koreya xavfsizlik, diplomatik va gumanitar xavotirlar, jumladan, harbiy asirlar hamda ularning oilalari xavfsizligini hisobga olib, transferni maxfiy saqlashga rozi boʻlgan.
Bayonotga koʻra, Ukraina keyinchalik BMT Bosh Assambleyasidagi prezident Vladimir Zelenskiyning nutqi chogʻida transfer haqida yetarlicha oldindan maslahatlashmasdan maʼlum qilgan. Shundan soʻng Kiyev tomonlar oʻrtasida maxfiylik toʻgʻrisida kelishuv boʻlganini ham rad etgan.
Janubiy Koreya prezidentining aytishicha, Ukrainaning bu boradagi bayonoti ikki hukumat oʻrtasidagi ishonchga jiddiy putur yetkazgan va ikki tomonlama munosabatlarga zarar yetkazishi mumkin.
Ukrainaning Seuldagi elchixonasi Reuters’ning izoh soʻroviga darhol javob bermadi.
Zelenskiy oʻtgan hafta BMT Bosh Assambleyasidagi nutqida Ukraina qoʻlga olgan ikki nafar Shimoliy Koreya harbiy xizmatchisini Yanubiy Koreyaga topshirganini maʼlum qilgan. Uning aytishicha, ular Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi urushda jang qilayotgan vaqtida qoʻlga olingan va yaqinda Janubiy Koreyaga yuborilgan.
Bundan bir necha kun oldin Yanubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon Ukraina bu transfer haqida maxfiylik toʻgʻrisidagi kelishuvni buzgan holda maʼlumot berganini aytgan edi.
Li X’dagi postida transferning yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarni hisobga olgan holda uni oshkor qilmaslik “har jihatdan toʻgʻri qaror boʻlganini” yozdi. Uning soʻzlariga koʻra, tomonlar bu maʼlumotni maxfiy saqlashga kelishgan.
“Ukraina tomoni maxfiylik toʻgʻrisidagi kelishuvga qaramay, bu masalani oshkor qilishiga qanday sharoitlar sabab boʻlganini bilmayman, biroq bundan chuqur afsusdaman”, — deb yozdi u.
Ukraina 2025 yil yanvarida Rossiyaning Kursk viloyatida ikki nafar Shimoliy Koreya harbiy xizmatchisini qoʻlga olgan edi. Ular Pxenyan 2024 yilda Rossiyaga urushda yordam bera boshlaganidan buyon tirik qoʻlga olingan ilk Shimoliy Koreya askarlari boʻlgan.
Janubiy Koreya avvalroq harbiylarning mamlakatga kelganini tasdiqlashdan bosh tortgan. Bunga ularning va Shimoliy Koreyada qolayotgan oila aʼzolarining xavfsizligi bilan bogʻliq xavotirlar sabab boʻlgan.
Seuldagi muxolifat deputatining aytishicha, ikki harbiy Yanubiy Koreyaga borishni istaganidan soʻng, Seul va Kiyev ularni topshirish imkoniyatini muhokama qilgan.
Ushbu transfer Janubiy Koreya Shimoliy Koreya bilan muloqotni qayta tiklashga qaratilgan harakatlarni qoʻllab-quvvatlayotgan, AQSh prezidenti Donald Tramp esa Pxenyan bilan muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini yana bir bor bildirgan bir paytda amalga oshirildi.




