Britaniyadagi AQSh foydalanadigan aviabazada terakt rejasi fosh etildi
Politsiya hududdagi uchta oq furgonni bomba zararsizlantirish robotlari yordamida tekshirdi. Yaqin atrofda yashovchi 85 ta oila xavfsizlik sababli evakuatsiya qilindi.

Britaniyaning R.A.F. Fairford aviabazasi yaqinida terrorizmda gumonlangan besh kishi hibsga olindi. Voqea bazaning xavfsizligi va ehtimoliy hujum haqida rasmiylar oldindan xabardor boʻlgan-boʻlmaganiga oid savollarni yuzaga keltirdi.
27 sentabr kuni aviabaza yaqinida terrorizmda gumonlanib, besh kishi hibsga olindi. Politsiya hududdagi uchta oq furgonni bomba zararsizlantirish robotlari yordamida tekshirdi. Yaqin atrofda yashovchi 85 ta oila evakuatsiya qilindi.
Mahalliy fermer BBC’ga bazaga yaqin dalalarda kapyushon va niqob kiygan bir guruh erkaklarni koʻrib, politsiyaga qoʻngʻiroq qilganini aytdi. Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ues Striting fermerning hushyorligini olqishladi, biroq u voqeaning faqat bir qismini koʻrganini va xavfsizlikka oid operativ tafsilotlarni hozircha oshkor qilib boʻlmasligini bildirdi.
Voqea aviabaza xavfsizligi hamda gumonlanuvchilar qanday qilib uning hududiga bunchalik yaqinlashgani haqidagi savollarni yuzaga keltirdi. Prezident Donald Tramp hibsga olinganlar “katta zarar yetkazmoqchi boʻlganini” aytdi va ular avvaldan “tergov ostida boʻlganini” bildirdi. Biroq Britaniya rasmiylari hujum xavfi haqida oldindan xabardor boʻlganini tasdiqlamadi.
Fairford bazasi AQShning Eronga qarshi uzoq masofali zarbalarida foydalanilgan. Shu sababli ehtimoliy hujumning Eron bilan bogʻliqligi haqidagi taxminlar ham paydo boʻldi. Eron rasmiylari hozircha voqea yuzasidan izoh bermagan.
Britaniya terrorizmga qarshi politsiyasi tergovni davom ettirmoqda. Hibsga olinganlarning shaxsi hozircha oshkor qilinmagan.




