"Sizlar – Yangi Oʻzbekiston qahramonlari": Prezident shaxmatchilarni tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev Nodirbek Yoqubboyevning Turkiya, Hindiston, Xitoy va AQSh vakillariga qarshi murosasiz bahslarda iroda koʻrsatib, jamoamiz uchun hal qiluvchi gʻalabalarni taʼminlaganini alohida taʼkidladi. Davlat rahbari Javohir Sindorovga Jahon toji uchun boʻladigan tarixiy bellashuvda ham omad tiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolariga tabrik yoʻlladi.
Oʻzbekiston termasi Samarqandda oʻtgan shaxmat olimpiadasida gʻolib chiqdi.
"Sizlar – Yangi Oʻzbekiston qahramonlari, jahon shaxmat olamida yangi tarix yaratgan oltin avlodsiz. Butun xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi, gʻururlanadi. Sizlar amaldagi Olimpiada chempioni – Hindiston jamoasini magʻlub etdingiz. Qadimiy shaxmat maktabi va koʻplab grossmeysterlarga ega boʻlgan Xitoy jamoasi ustidan tarixiy gʻalabani qoʻlga kiritdingiz. Dunyo reytingida birinchi oʻrinni egallab kelayotgan, olti karra Olimpiada chempioni boʻlgan AQSh jamoasidan ham ustun keldingiz.
Nodirbek Abdusattorov barcha oʻyinlar davomida magʻlubiyat nima ekanini bilmasdan, chinakam jamoa lideri ekanini isbotlab, birinchi taxtada oltin medal sohibiga aylandi.
Nodirbek Yoqubboyev esa Turkiya, Hindiston, Xitoy va AQSh vakillariga qarshi murosasiz bahslarda chinakam iroda va matonat koʻrsatib, jamoamiz uchun hal qiluvchi gʻalabalarni taʼminlaganini alohida taʼkidlab aytmoqchiman.
Ayniqsa, Yoqubboyevning hindistonlik Nihal Saringa qarshi bellashuvi haqiqiy dramatik jang boʻldi. Yangi Oʻzbekiston vakilining eng qiyin vaziyatda nihoyatda topqirlik bilan qoʻllagan taktik yurishlarini koʻrib, dunyo shaxmat muxlislari hayratdan qotib qoldi.
Yana bir mard oʻgʻlonimiz, Javohir Sindorov chempionlarga xos oʻyin koʻrsatib, umumiy gʻalabaga katta hissa qoʻshdi.
Bunday yirik xalqaro musobaqada birinchi marta ishtirok etgan Muhiddin Madaminov oʻgʻlimizning kuchli raqiblariga kutilmagan zarbalar bergani va birorta ham magʻlubiyatga uchramagani yuksak bahoga munosibdir.
Shamsiddin Vohidov Hindiston, Turkiya va Vengriya vakillariga qarshi murosasiz oʻyinlarda oʻzini yoʻqotmasdan, muhim ochkolarni olishga erishgani ham muxlislar xotirasida saqlanib qoladi", deydi Prezident.
Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi FIDE tomonidan 2026 yilda "Eng yaxshi federatsiya" nominatsiyasida gʻolib deb topilgani, tajribali murabbiy, grossmeyster Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova FIDEning Markaziy Osiyo davlatlari boʻyicha mintaqaviy prezidenti etib saylanganini Oʻzbekistonning shaxmat mamlakati sifatida obroʻ-eʼtibori oshib borayotganining yana bir dalili sifatida qabul qilinishi qayd etildi. Samarqand olimpiadasida parashaxmatchilarimiz ham ulkan jasorat koʻrsatib, bunday oʻyinlar tarixida birinchi marta bronza medalini qoʻlga kiritishdi.
"Shu yil noyabr oyida bizni yana bir katta shaxmat bayrami kutib turibdi. Jahon toji uchun boʻladigan tarixiy bellashuvda shaxmatimiz faxri Javohir Sindorovdan barchamiz ulkan zafarlarni kutib qolamiz", deyiladi tabrikda.




