Shavkat Mirziyoyev turizm sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
2030 yilga borib, xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, davlat rahbari "Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan turizm xodimi" faxriy unvonini taʼsis etishni taklif etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston turizm sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi.
27 sentabr – Butunjahon turizm kuni nishonlanmoqda. Keyingi yillarda yurtimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, viza tartibining soddalashtirilgani, transport va mehmonxona infratuzilmasining kengaytirilgani, tadbirkorlar uchun koʻplab soliq hamda bojxona imtiyozlari joriy qilingani soha rivojiga yangi shiddat bermoqda.
Buning tasdigʻini 2025 yilda Oʻzbekistonga kelgan xorijiy sayyohlar soni 2016 yilga nisbatan salkam 6 barobar oshib, qariyb 12 million nafarga yetgani, turizm xizmatlari eksporti 11 karra koʻpayib, 4 milliard 800 million AQSh dollarini tashkil etgani misolida yaqqol koʻrish mumkin.
Yangi Oʻzbekistonnning oʻziga xos tashrif qogʻozi boʻlgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Margʻinoniy majmualari, Zamonaviy sanʼat markazi kabi koʻplab maskanlar butun xalqimiz qatori xorijiy sayyohlarda ham katta qiziqish uygʻotmoqda.
"Biz bu boradagi ishlarimizni izchil davom ettirib, goʻzal diyorimizni jahondagi zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi yanada rivojlangan eng mashhur turizm markazlaridan biriga aylantirishga qaror qilganmiz. Shu maqsadda Xivada oʻzida tarix va zamonaviylikni uygʻunlashtirgan xalqaro turistik shaharcha, kongress markazi va tarixiy-etnografik bogʻ barpo etish, Ichanqalʼani raqamli texnologiyalar asosida “aqlli” muzey-majmuaga aylantirishni rejalashtirganmiz.
Samarqandda esa noyob eksponatlar jamlangan Ipak yoʻli muzeyi tashkil etiladi. Qoraqalpogʻistonda arxeologik yodgorliklar boʻylab yangi turistik yoʻnalishlar ochiladi. Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida “Gʻilon”, Namangan viloyatining Pop tumanida “Arashan” kabi yangi majmualar tashkil etiladi.
Sohada zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yagona milliy turizm platformasini ishga tushirish, sayyohlik xizmatlarini bitta tizimga integratsiya qilish, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, kadrlar malakasini muntazam oshirib borish ham ustuvor vazifa boʻlib qoladi. Gastronomik, ekologik, ziyorat, tibbiyot, togʻ va sarguzasht, ishbilarmonlik, etno va qishloq turizmi kabi yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan yoʻnalishlarni jadal rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz.
Ana shunday dolzarb vazifalarni amalga oshirish orqali biz 2030 yilga borib, xorijiy sayyohlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish, xizmatlar eksportini 8 milliard dollardan oshirish, yuqori toifadagi mehmonxonalar sonini esa ikki karra koʻpaytirishni maqsad qilganmiz", deya qayd etiladi tabrikda.
Davlat rahbari "Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan turizm xodimi" faxriy unvonini taʼsis etishni taklif etdi.




