Pedofilni qamoq mehribon pedagog qilib qoʻymaydi – Alisher Qodirov
Qasddan odam oʻldirgan, ayniqsa bola qotillari oʻzini nima kutayotganini aniq bilishi kerak, deya taʼkidlaydi deputat.

Deputat Alisher Qodirov Namangandagi hodisa boʻyicha fikr bildirib, pedofillarga keskin jazolar tashabbusini ilgari surdi.
"Biz bugun begunoh xalqlar va bolalar qirgʻiniga chora koʻrolmaydigan darajada zaif va ikkiyuzlamachi mezonlarga moslashish va oʻzlariga qarshi ishlatilishidan xavotir olayotgan “qoʻrqoq qahramonlar”ni ayyuhannoslariga quloq tutib bu zaruratga koʻz yumyapmiz.
Ajratib olishda xato qilish mumkin boʻlmagan ayrim toifadagi jinoyatchilarni yashashini oʻziyoq jamiyat halovati uchun xavfdir! Bu toifadagi jinoyatchilarni yillar davomida yanada jinoyatchiroq qilib jamiyatga qaytarish orqali jinoyatni pro shakllari uchun sharoit yaratilmoqda, xolos", deydi siyosatchi.
"Amaldagi qonunlar bilan ehtimoliy vatan xoini davr oʻzgarib milliy qahramonga aylanishi mumkindir, unga hech qachon oʻlim jazosi qoʻllanilmasligi kerak, lekin retsidivist, bola oʻldira olgan yoki murgʻak bolani toptash darajasidagi mahluq-pedofilni qamoqda mehribon pedagog boʻlib qolishiga kimdir ishonsa hayratlanaman", taʼkidlaydi deputat.
"Inson insonni oʻldirishi mumkinmas, bu ham dunyoviy, ham diniy qarashlarda eng oliy jinoyat sifatida qabul qilingan, lekin bu oliy jinoyatga jazo masalasida yondashuv bir xil emas: biri bundaylarni odamlarni puli hisobiga qamoqda saqlab, yedirib-ichirib, issiq-sovugʻini taʼminlab, jamiyatdan umrbod ajratib qoʻyish yetarli deb hisoblasa, yana biri ehtimoliy keyingi jinoyatlarni oldini olish, moyillarga ogohlantirish boʻlishi uchun (jabrdiydaning talabi asosida!) oʻlimga mahkum qiladi.
Beayb insonni qasddan oʻldirgan, ayniqsa bola qotili va pedofillarni yashashda davom etishi keyingi shu shakldagi jinoyatlar uchun motivatsiyadir! Qasddan odam oʻldirgan, ayniqsa bola qotillari oʻzini nima kutayotganini aniq bilishi kerak!", deya xulosa qiladi Qodirov.
Eslatib oʻtamiz, avval jabrlanuvchi oilasi bilan koʻchirilishi maʼlum qilingandi.




