Oʻzbekiston va Turkiya turoperatorlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taklif etildi
Aviatsiya sohasida “Turkish Airlines” va boshqa Turkiya aviakompaniyalari bilan sherikchilik aloqalarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat oʻrtasidagi aviaqatnovlar geografiyasi va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama etildi.

Turizm qoʻmitasi raisi Abdulaziz Akqulov Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqotda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, shuningdek, ikki davlat rahbarlarining turizm sohasini rivojlantirish va xalqlar oʻrtasidagi gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga qaratayotgan eʼtibori alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv doirasida turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, oʻzaro tajriba almashish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, Turkiyaning turizmni boshqarish, turistik hududlarni rivojlantirish, zamonaviy mehmonxona infratuzilmasini shakllantirish va raqamli texnologiyalardan foydalanish boʻyicha tajribasini Oʻzbekistonda qoʻllash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Oʻzbekiston va Turkiya turoperatorlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va kengaytirish hamda forum va B2B shaklidagi uchrashuvlar tashkil etish boʻyicha takliflar bildirildi.
Turizm infratuzilmasini rivojlantirish yoʻnalishida Turkiya investorlari ishtirokida Oʻzbekiston hududlarida zamonaviy mehmonxona majmualarini barpo etish, shuningdek, turk xalqaro mehmonxona brendlarini mamlakatga jalb qilish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Bundan tashqari, aviatsiya sohasida esa “Turkish Airlines” va boshqa Turkiya aviakompaniyalari bilan sherikchilik aloqalarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat oʻrtasidagi aviaqatnovlar geografiyasi va imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash, ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish va sohaga doir loyihaviy master-rejalar tuzish maqsadida, jumladan, Kappadokiya universiteti bilan Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi huzuridagi “Turizm infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyiha ofisi” DM oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va mutaxassislarni jalb qilish taklifi ilgari surildi va xorij tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Muloqotda Oʻzbekistonning turizm salohiyatini Turkiya bozorida keng targʻib qilish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda Turkiya teleradiokompaniyasi (TRT), Turkiya Turizmni targʻib qilish va rivojlantirish agentligi (TGA) hamda Oʻzbekistonning tegishli tashkilotlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, media va press-turlar tashkil etish, raqamli platformalar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar bildirildi.
Jumladan, Turkiya hududida saqlanib qolgan “Oʻzbek karvonsaroylari”ni Oʻzbekiston turizm va madaniyat markazlariga aylantirish va ular orqali mamlakatimiz boy va serqirra sayyohlik salohiyatini keng targʻib qilish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ziyorat turizmi, Imom Buxoriy merosi, Islom sivilizatsiyasi markazi, kino va seriallar orqali Oʻzbekistonning turistik salohiyatini Turkiya auditoriyasiga yetkazish boʻyicha qoʻshma medialoyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari oʻzaro muhokama qilindi.
Uchrashuvda Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) bilan turizm va taʼlim asosidagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda grant mablagʻlarini jalb qilish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Tomonlar 2026 yil 25–27 noyabr kunlari Toshkent shahrida oʻtkaziladigan “Ipak yoʻlida turizm” 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish masalalarini ham yaqindan muhokama qildi.
Xususan, yarmarka doirasida “Oʻzbekiston–Turkiya” turizm boʻyicha Qoʻshma komissiyasining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish, Turkiya turizm sohasi vakillarini milliy stend bilan ishtirok etishga taklif qilish, shuningdek, “Invest Forum” tadbirida Turkiyaning hamkor davlat sifatida ishtirokini taʼminlash boʻyicha takliflar bildirildi.




