Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda birinchi boʻlib C-390 harbiy samolyoti operatoriga aylandi
2024 yilda Oʻzbekiston va Braziliya kompaniyasi oʻrtasida harbiy samolyotni xarid qilish boʻyicha shartnoma doirasida C-390 Millennium samolyoti Oʻzbekistonga yetkazib berildi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda C-390 Millennium samolyotining birinchi operatoriga aylandi.

Braziliyaning "Embraer" korxonasi tomonidan chiqarilgan C-390 Millennium koʻp vazifali transport samolyotini topshirish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Harbiy-havo kuchlari qoʻmondoni general-mayor Ahmad Jamolovich Burhonov hamda "Oʻztextreyd" davlat muassasasi direktori Olimxon Baqiyevich Rustamov ishtirok etdi. Bu haqda "Embraer" kompaniyasi maʼlum qildi.
"Samolyotning ajoyib koʻrsatkichlari, koʻp qirraliligi va koʻp missiyali imkoniyatlari bizga keng koʻlamli topshiriqlarni yanada yuqori samaradorlik va shaylik bilan amalga oshirish imkonini beradi. Biz ushbu eng zamonaviy platformani xizmatga joriy etishni va operatsion imkoniyatlarimizni yanada mustahkamlashni intiqlik bilan kutmoqdamiz", — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy-havo kuchlari qoʻmondoni general-mayor Ahmad Jamolovich Burhonov.
Kompaniya bosh direktori Bosko da Kosta Junior mazkur harbiy samolyot Oʻzbekistonga tengsiz imkoniyatlar taqdim etishini taʼkidladi.
XXI asrda loyihalashtirilgan va qurilgan Embraer C-390 Millennium oʻz toifasidagi eng zamonaviy harbiy-transport samolyoti hisoblanadi. U boshqa oʻrta hajmdagi harbiy-transport samolyotlariga nisbatan koʻproq yuk — 26 tonna — tashishi, tezroq (470 tugun) va uzoqroqqa ucha olishi bilan ajralib turadi. Samolyot yuk va qoʻshinlarni tashish, texnika va shaxsiy tarkibni havodan tashlash, tibbiy evakuatsiya, qidiruv-qutqaruv (SAR), yongʻinlarni oʻchirish hamda gumanitar missiyalarni oʻz ichiga olgan keng koʻlamli vazifalarni bajarishga moʻljallangan.
Braziliya Harbiy-havo kuchlaridan tashqari, ushbu koʻp missiyali samolyot Portugaliya, Vengriya, Koreya Respublikasi, Niderlandiya, Avstriya, Chexiya, Oʻzbekiston Respublikasi, Shvetsiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Slovakiya, Kolumbiya va Litva Harbiy-havo kuchlari tomonidan ham tanlangan. C-390 Millennium uzluksiz oʻzaro hamkorlik imkoniyati bilan butun dunyo Harbiy-havo kuchlarining taktik va strategik ehtiyojlarini qondirish uchun yuqori ishonchlilik, koʻp qirralilik va samaradorlikni taʼminlaydi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Turkmaniston va Tojikiston Hindistonning "Akash" nomli havo mudofaa tizimini sotib olgani haqida xabar berilgan edi.




