Oʻzbek va turk sanʼat ustalari Toshkentda qoʻshma konsert oʻtkazdi
Konsertning turk qismida "Cemreler", "Şaman", "Kara Toprak", "Acı Hayat", "Bahça Duvarı", "Azeri veya Yolcu", "Cengi", "Kafkas", "Gönül Dağı", "Meni Sevip Qalsaydın", "Kulada Sevdiğim" kabi turk musiqa sanʼatining mashhur namunalari ijro etildi. Oʻzbek mumtoz musiqasiga bagʻishlangan qismda esa Alisher Navoiy gʻazali asosidagi "Ohki" hamda "Aylab keling" asarlari taqdim etildi. Bundan tashqari, ikki davlat vakillari hamkorlik uchrashuvi oʻtkazdi.

“Oʻzbekiston–Turkiya madaniyat va sanʼat uchrashuvlari — Turk kino kunlari” madaniy tadbirlari doirasida Toshkent shahridagi "Oʻzbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida oʻzbek va turk sanʼat ustalarining qoʻshma konserti boʻlib oʻtdi.
Konsert dasturi avvalida Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy nutq qildi.
“Bugun biz uchun nihoyatda qadrli va ulugʻ bir kunda — doʻst va qardosh Oʻzbekistonning 35 yillik Mustaqillik yubileyi munosabati bilan sizlar bilan birga boʻlib turganimdan juda mamnun va sharafliman. Sizlarni Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha doʻstlarimiz va qardoshlarimizga, Oʻzbekiston xalqiga Turkiya Respublikasi nomidan samimiy mehr, hurmat va ezgu tilaklarimni izhor etgan holda qutlayman. Ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kunini eng samimiy tilaklarim bilan muborakbod etaman. Doʻst va qardosh Oʻzbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va xotirjamlik tilayman. Prezidentimiz muhtaram Rejep Tayyip Erdogʻan janoblarining ham salom va ezgu tilaklarini qardosh Oʻzbekiston xalqiga yetkazaman. Turkiya va Oʻzbekiston asrlar davomida shakllangan mustahkam rishtalar bilan bir-biriga bogʻlangan ikki buyuk mamlakatdir. Mamlakatimiz Oʻzbekistonning mustaqilligini tan olgan birinchi davlat boʻlgan. Oʻsha kunlardayoq ikki doʻst va qardosh xalq oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlikning eng mustahkam poydevorlaridan biri yaratilgan. Shuningdek, mamlakatlarimiz oʻrtasida mushtarak tariximiz, madaniyatimiz va sivilizatsion merosimizga asoslangan chuqur va mustahkam aloqalar mavjud. Ushbu umumiy meros izlarini Samarqanddan Buxoroga, Xivadan Toshkentga qadar ushbu qadimiy zaminning har bir goʻshasida koʻrish mumkin. Imom Buxoriy, Beruniy, Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiy singari buyuk alloma va mutafakkirlarning ilm-fan, tafakkur va adabiyot sohalarida yaratgan bebaho asarlari bugungi kunda Turkiya va Oʻzbekistonning umumiy madaniy xazinasining muhim qismlarini tashkil etadi. Biroq mushtarak merosimiz faqat oʻtmishgagina tegishli emas. Biz bu merosni bugun ham birgalikda asrab-avaylab, madaniyat va sanʼat orqali kelajak avlodlarga yetkazmoqdamiz. Bugun kechqurun bu yerda oʻtkazilayotgan Turkiya–Oʻzbekiston madaniyat va sanʼat uchrashuvlari ham buning yorqin namunasidir” – dedi Mehmet Nuri Ersoy nutqi davomida.
Soʻng, Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham nutq qildi.
“Bugun Oʻzbekiston xalqining eng ulugʻ bayrami – Mustaqilligimizning 35 yillik tantanalari munosabati bilan tashkil etilgan konsert dasturi uchun turk qardoshlarimizga minnatdorlik bildiramiz. Fursatdan foydalanib, ushbu tashabbusni ilgari surgani uchun Turkiya Respublikasi Hukumatiga, Madaniyat va turizm vazirligiga, aziz birodarim hurmatli Mehmet Nuri Ersoy janoblariga hamda barcha turkiyalik hamkasblarimizga chuqur minnatdorlik bildiraman. Albatta xalqlarimiz birodarlik rishtalarini mustahkamlashda ikki davlat Rahbarlarini oʻrni beqiyosdir. Hurmatli Prezidentlarimizning tashabbuslari bilan madaniyat sohasidagi hamkorligimiz yuqori darajaga koʻtarildi. Biz tarixni birga oʻqigan xalqlarmiz. Movarounnahr va Anadolu zaminlarida kamol topgan buyuk allomalar, mutafakkirlar, shoir va sanʼatkorlarning bebaho merosi xalqlarimizni asrlar davomida bir-biriga yaqinlashtirib kelgan.
Albatta, bugun bu sahnada yangraydigan kuy-qoʻshiqlar, namoyish etiladigan sanʼat namunalari ikki qardosh xalqning mushtarak ruhini, oʻzaro hurmati va samimiy doʻstligini tarannum etadi. Shu maʼnoda, bugungi konsertni oddiy madaniy tadbir deb emas, balki ikki qardosh xalq qalblarining muloqoti, deb qabul qilishimiz kerak” – dedi Ozodbek Nazarbekov.
Tantanali konsert dasturida ikki qardosh xalqning milliy musiqa, qoʻshiq va raqs sanʼati namunalari, shuningdek, zamonaviy ijod namunalari taqdim etildi. Konsert avvalida buyuk sarkarda va davlat arbobi Jaloliddin Manguberdi obrazi sahna koʻrinishi orqali gavdalantirilib, ushbu rolni aktyor Ahror Alijonov ijro etdi. Shundan soʻng "Bravo" orkestri ijrosida "Mendirman Jaloliddin" qoʻshigʻi yangradi. "Tumor" davlat raqs ansambli tomonidan "Oʻzbegim raqslari" xoreografik kompozitsiyasi namoyish etildi. Konsertning turk qismida "Cemreler", "Şaman", "Kara Toprak", "Acı Hayat", "Bahça Duvarı", "Azeri veya Yolcu", "Cengi", "Kafkas", "Gönül Dağı", "Meni Sevip Qalsaydın", "Kulada Sevdiğim" kabi turk musiqa sanʼatining mashhur namunalari ijro etildi. Oʻzbek mumtoz musiqasiga bagʻishlangan qismda esa Alisher Navoiy gʻazali asosidagi "Ohki" hamda "Aylab keling" asarlari Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli xonandalari tomonidan ijro etildi. Shuningdek, "Bek" doirachilar guruhi hamda "Shukrona" dutorchi qizlar ansambli ishtirokida "Sado" musiqiy kompozitsiyasi taqdim etildi.
Konsert dasturidan Oʻzbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov ijrosidagi "Gladiator" asari, turk filmlariga ishlangan saundtreklardan tayyorlangan popurri hamda Oʻzbekiston xalq artisti Ilyos Arabov ijrosidagi "Mavrigi" asari ham oʻrin oldi. Konsertning yakuniy qismida "Xorazm termalari" xoreografik kompozitsiyasi hamda "Potpori" musiqiy dasturi namoyish etildi.
Eslatib oʻtamiz, madaniy tadbirlarning yana bir muhim yoʻnalishlaridan biri — "Turk kino kunlari" boʻlib, uning tantanali ochilish marosimi 25 sentabr kuni boʻlib oʻtadi. Ochilish marosimida Turkiya kinematografiyasining taniqli vakillari — aktyorlar Engin Altan Dyuzyatan, Oʻzge Gyurel, Serkan Chayogʻlu, Deniz Barut va Emre Karayel ishtirok etib, oʻzbek tomoshabinlari bilan uchrashadilar. Kino kunlari doirasida turk kinematografiyasining sara namunalari namoyish etiladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy oʻrtasida hamkorlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
“Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida boʻlib oʻtgan uchrashuvda madaniyat va sanʼat sohasidagi Oʻzbekiston–Turkiya munosabatlarining bugungi holati, mavjud hamkorlik yoʻnalishlari hamda ularni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar ikki mamlakat xalqlarining mushtarak tarixi, madaniyati va qadriyatlariga tayangan holda izchil rivojlanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2018 yil 30 aprelda imzolangan “Madaniyat sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida Bitim” ikki tomonlama madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlikning huquqiy asosini tashkil etadi. Shuningdek, 2024 yil 6 iyun kuni rasmiy tashrif doirasida “Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi va Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi oʻrtasida madaniyat sohasida hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi bayonnoma” imzolangan boʻlib, ushbu hujjatlar asosida soʻnggi yillarda ikki mamlakatning madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorligi yangi bosqichga koʻtarilib, oʻzaro madaniy almashinuvlar, ijodiy uchrashuvlar va qoʻshma loyihalar koʻlami kengayib bormoqda.
Mazkur huquqiy asos doirasida madaniyat va sanʼat sohasida tajriba almashish, ijodiy jamoalar va sanʼatkorlar oʻrtasida aloqalarni rivojlantirish, madaniy tadbirlar tashkil etish, kino, teatr, musiqa, adabiyot va boshqa yoʻnalishlarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik izchil davom ettirilmoqda. Uchrashuvda madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ikki mamlakat madaniyat muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ijodiy almashinuvlarni faollashtirish hamda qoʻshma madaniy loyihalarni koʻpaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi mavjud hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalanish, madaniyat va sanʼatning turli yoʻnalishlarida yangi tashabbuslarni ilgari surish hamda oʻzaro tajriba almashinuvini yanada rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.




