Gazlashmagan hududlar uchun elektr boʻyicha imtiyozli tariflar qoʻllanishi mumkin
Prezident farmonida ilk bor gazlashmagan hududlar uchun elektr energiyasiga imtiyozli tariflarni belgilash vazifasi qoʻyildi. Unga koʻra, 2027 yil fevralga qadar Elektrlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi kerak.

Gazlashmagan hududlar uchun elektrga imtiyozli tariflar joriy etilishi mumkin.
Bu haqda “Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–202-son, 22.09.2026 y.)da aytib oʻtilgan.
Gaz taʼminoti mavjud boʻlmagan hududlarda elektr energiyasidan foydalanuvchilar uchun imtiyozli tariflar joriy etilishi mumkin.
Farmonda ilk bor gazlashmagan hududlar uchun elektr energiyasiga imtiyozli tariflarni belgilash vazifasi qoʻyilgan. Unga koʻra, 2027 yil fevralga qadar Elektrlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi kerak. Hujjatda elektrlashtiriladigan isteʼmolchilar, shuningdek, tabiiy gaz taʼminoti mavjud boʻlmagan va isitish uchun elektr energiyasidan foydalanayotgan aholiga imtiyozli tariflarni belgilash nazarda tutiladi.
Shuningdek, elektrlashtirish natijasida almashtiriladigan energiya samaradorligi yuqori boʻlgan maishiy texnikalarni xarid qilishni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari ham joriy etiladi. Konsepsiya loyihasi 2027 yil aprelga qadar Hukumatga kiritilishi belgilangan.
Eslatib oʻtamiz, ushbu farmonda gaz va elektr taʼminotida bosqichma-bosqich erkin bozor tizimiga oʻtilishi belgilangan. Energetika vazirligining soha korxonalariga alohida ruxsatnomalar berib, ishga aralashish tartibi bekor qilinadi.




