Birjada qonun buzilish holatlari aniqlandi
Raqobat qoʻmitasi hududlarda yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birjaga qoʻyish tartibiga qanchalik amal qilinayotganini tekshirdi. Natijada, 4 mlrd soʻmdan ortiq birja savdolarida qonunbuzarliklar aniqlangan. Qoʻmita ularni bartaraf etish va asossiz olingan mablagʻlarni qaytarish boʻyicha tadbirkorlarga majburiy koʻrsatmalar berdi.

Raqobat qoʻmitasi hududlarda yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolariga qoʻyish tartibini oʻrganib, qonun buzilish holatlarini aniqladi.
Unga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasida joylashgan “ECO TEKS CLUSTER” MChJ birja savdolariga qoʻyish grafiklari tasdiqlanmasidan, 2023 yil 1 oktabrdan 2026 yil 31 mayga qadar paxta tolasi, lint va paxta yogʻi mahsulotlarini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotib yuborgan. Natijada, birja kotirovkasi va shartnoma narxi oʻrtasidagi farq hisobiga 183,8 mln soʻm asossiz mablagʻ olingan. Jami 38 ta holatda qonunchilik talablari buzilgan.
Bundan tashqari, Andijon viloyatidagi “SADAF SOF UNLARI” MChJning 2025 yil iyul–dekabr va 2026 yil yanvar–aprel oylarida birja savdolari orqali xarid qilingan bugʻdoyni qayta ishlash va unni realizatsiya qilish faoliyati oʻrganilgan.
Maʼlum boʻlishicha, jamiyat oʻsha davrda jami 3 918 tonna bugʻdoy xarid qilib, undan 2 646 tonna un ishlab chiqargan. Ammo oʻtgan yilning iyul oyida rejaga nisbatan 258 tonna mahsulot birjaga qoʻyilmay ushlab qolingan.
Qolaversa, sentabrda 840 tonna, oktabrda 910 tonna, noyabr oyida 810 tonna un savdoga chiqarilmagan.
Shuningdek, Jizzaxda olib borilgan oʻrganishlar davomida “GROUPTEXTIL” MChJ paxta chigiti va tola mahsulotlarini belgilangan muddatlarda birjaga qoʻymagani oshkor boʻlgan.
“Tahlillarda “GROUPTEXTIL” MChJ tomonidan 2025 yil dekabr oyida 2 holatda 1 186 tonna, qariyb 4,1 mlrd soʻmlik paxta chigiti (texnik) va tola mahsulotlarini birjaga qoʻyish uchun rejalashtirilgan yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulot hajmining bir qismini tasdiqlangan muddatlar va hajmlarda savdoga chiqarmaganlik holatlari mavjudligi aniqlangan”- deyiladi qoʻmita axborotida.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tadbirkorlik subektlariga asossiz olingan mablagʻlarni qaytarish, qonunbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha majburiy koʻrsatmalar berilgan.




