Oʻzbekiston energetika tizimidagi hodisa tufayli Qozogʻistonning bir qismi elektrdan uzildi
Asosan qishloq xoʻjaligi suv nasoslari va aholi isteʼmolchilarining elektr taʼminotida uzilishlar kuzatildi. Hozirda elektr taʼminoti toʻliq tiklangani aytilmoqda.

Bugun soat 05:05 da Sirdaryo viloyatida joylashgan EDF kompaniyasiga tegishli yangi issiqlik elektr stansiyasida 1600 MVt quvvat avariyaviy oʻchdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Mazkur stansiya yangi qurilgan boʻlib, ayni vaqtda unda sinov-sozlash ishlari olib borilmoqda.
Stansiyaning avariyaviy oʻchishi natijasida avariyaga qarshi avtomatika ishlab, respublikaning ayrim qismlarida elektr taʼminoti vaqtincha uzildi. Asosan qishloq xoʻjaligi suv nasoslari va aholi isteʼmolchilarining elektr taʼminotida uzilishlar kuzatildi.
Hozirgi vaqtda elektr taʼminotidan uzilgan isteʼmolchilarning barchasi tarmoqqa qayta ulandi.
Elektr taʼminotini tiklash jarayonida energiya saqlash tizimlaridagi hamda elektr stansiyalaridagi zahira quvvatlar ishga tushirilib, isteʼmolchilar bosqichma-bosqich tarmoqqa ulandi.
Oʻzbekiston energetika tizimidagi hodisa tufayli Qozogʻistonning bir qismi ham elektrdan uzildi.
Qozogʻiston vaziyat tufayli isteʼmolchilarga umumiy hajmi 962 MVt boʻlgan cheklashlar joriy etgan. Hodisa sodir boʻlganidan energetika tizimlarining parallel ishlashi tiklanguniga qadar 41 daqiqa oʻtgan. Isteʼmolchilarga qoʻyilgan cheklashlar olib tashlangan.




