platina.uz
Iqtisod

Oʻzbekiston fintexda katta sakrashga tayyorlanmoqda: Markaziy bank 2030 yilgacha moʻljallangan yangi strategiyani eʼlon qildi

Strategiya oltita ustuvor yoʻnalishni qamrab oladi. Ular orasida jadal rivojlanuvchi fintex ekotizimini shakllantirish, risklarga moslashgan nazorat tizimini takomillashtirish, mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi fintex markazi sifatidagi mavqeini kuchaytirish, ilgʻor texnologiyalarga asoslangan moliyaviy xizmatlarni kengaytirish hamda ishonchli moliyaviy muhitni taʼminlash bor.

Oʻzbekiston fintexda katta sakrashga tayyorlanmoqda: Markaziy bank 2030 yilgacha moʻljallangan yangi strategiyani eʼlon qildi

Oʻzbekiston moliya bozori yangi bosqich ostonasida turibdi. Markaziy bank 2026–2030 yillarga moʻljallangan moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish milliy strategiyasini taqdim etdi. Hujjatda belgilangan maqsadlar amalga oshsa, yaqin yillarda mamlakatda toʻlovlar, raqamli identifikatsiya, Open Banking, sunʼiy intellekt va fintex kompaniyalari faoliyatida sezilarli oʻzgarishlar yuz berishi kutilmoqda.

Yangi strategiyaning eng katta maqsadlaridan biri diqqatga sazovor: 2030 yil yakuniga qadar Oʻzbekistonni moliyaviy texnologiyalar kompaniyalari uchun Markaziy Osiyodagi eng maqbul yurisdiksiyalardan biriga aylantirish koʻzda tutilmoqda. Bunda raqamli moliya xizmatlarini aholi va biznes uchun xavfsiz, sodda hamda keng qamrovli qilish asosiy vazifalar qatoriga kiritilgan.

Strategiya oltita ustuvor yoʻnalishni qamrab oladi. Ular orasida jadal rivojlanuvchi fintex ekotizimini shakllantirish, risklarga moslashgan nazorat tizimini takomillashtirish, mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi fintex markazi sifatidagi mavqeini kuchaytirish, ilgʻor texnologiyalarga asoslangan moliyaviy xizmatlarni kengaytirish hamda ishonchli moliyaviy muhitni taʼminlash bor.

Eng muhim yangiliklar esa aniq loyihalarda namoyon boʻladi. Innovation Hub rivojlantirilishi, Regulatory Sandbox 2.0 imkoniyatlari kengaytirilishi, Open Banking va Open Finance mexanizmlari hamda ochiq API standartlari joriy etilishi rejalashtirilgan. Raqamli identifikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish va mintaqaviy toʻlov tizimlarining oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirish ham rejaning muhim qismi hisoblanadi.

Strategiya 2030 yilgacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Dastlab fintex bozori uchun institutsional va texnologik asoslar yaratiladi. Keyingi bosqichlarda raqamli identifikatsiya, toʻlov tizimlari integratsiyasi, ochiq banking, API va sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga urgʻu beriladi.

Yana bir muhim yoʻnalish — Markaziy bank raqamli valyutasining ulgurji shaklini (wCBDC). Uning alohida taqdimot qilinishi Oʻzbekistonda raqamli pul infratuzilmasining yangi imkoniyatlari ham oʻrganilayotganini koʻrsatadi. Biroq taqdim etilgan kun tartibida wCBDCni muomalaga kiritishning aniq sanasi koʻrsatilmagan. Masʼullarning aytishicha, hozir oʻrganish jarayoni ketyapti va u 4-8 yil vaqt olishi mumkin.

Maʼlumot uchun, wCBDC (Wholesale Central Bank Digital Currency) — markaziy bankning ulgurji raqamli valyutasi boʻlib, banklar va boshqa moliyaviy tashkilotlar foydalanishi uchun moʻljallangan. Aholi va biznes uchun moʻljallangan chakana CBDCdan farqli ravishda, wCBDC asosan banklararo hisob-kitoblar, qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar va boshqa yirik moliyaviy tranzaksiyalarni amalga oshirishda qoʻllaniladi.

wCBDCning asosiy vazifalari — hisob-kitoblarni tezlashtirish, operatsion va hisob-kitob risklarini kamaytirish, operatsiyalar shaffofligini oshirish, shuningdek, tokenlashtirilgan moliyaviy aktivlar boʻyicha hisob-kitoblarni qoʻllab-quvvatlashdan iborat. wCBDC markaziy bankning majburiyati hisoblanadi va kriptovalyutalardan farqli ravishda, markazlashgan emitentga ega hamda milliy valyutada ifodalanadi.

Anjumanda aytilganidek, kutilayotgan natijalar koʻlami katta: moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, kichik va oʻrta biznes uchun yangi moliyaviy yechimlarni rivojlantirish, raqamli moliya xavfsizligini oshirish, investitsiyalar va innovatsion kompaniyalarni jalb etish rejalashtirilmoqda.

Shu tariqa 2030 yilgacha boʻlgan besh yillik davr Oʻzbekiston moliya tizimi uchun jiddiy texnologik yangilanish davriga aylanishi mumkin. Open Banking, sunʼiy intellekt, raqamli identifikatsiya va wCBDC kabi yoʻnalishlar endi nazariy tushunchalar emas — ular mamlakat moliya tizimini transformatsiya qilish kun tartibining markaziga chiqmoqda. Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston yaqin kelajakda Markaziy Osiyoning fintex markaziga aylanishi uchun barcha sharoit hozirlanmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid