Namanganda zoʻravonlikka uchragan bola boʻyicha tasdiqlanmagan xabarlar tarqatmaslik soʻraldi
Bolalar ombudsmani mazkur ish yurituvida bola manfaatlari taʼminlanishi yuzasidan oʻz kuzatuvini olib bormoqda. Bunday toifa jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo oʻtash bilan bogʻliq hech bir yengillik qoʻllanilmaydi.

Namangan viloyatida zoʻravonlikka uchragan bola boʻyicha tasdiqlanmagan xabarlar tarqatmaslik soʻraldi. Bu haqda Bolalar ombdusmani xabar berdi.
Bolaga qarshi mazkur jinsiy zoʻravonlik holati yuzasidan Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumani IIB Tergov boʻlinmasi tomonidan 12 sentabr kuni JKning 118-moddasi 4-qismi, 112-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Maʼlumot uchun: Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan nomusga tegish (118-modda 4-qism) jinoyatini sodir etish uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Bunday toifa jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo oʻtash bilan bogʻliq hech bir yengillik qoʻllanilmaydi.
Shu kunning oʻzida, 12.09.2026 yilda jinoyat sodir etishda gumonlanayotgan shaxs K.M protsessual tartibda ushlangan boʻlib, unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Bugungi kunda ushbu jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Hududning “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi mutaxassislari tomonidan darhol voyaga yetmagan jabrlanuvchiga zaruriy psixologik, tibbiy, ijtimoiy va huquqiy koʻmak choralari koʻrsatilgan, hozirda bolaga va uning oilasiga koʻmak koʻrsatish jarayoni davom etayapti.
Bolalar ombudsmani mazkur ish yurituvida jabrlanuvchi-bolaning qonuniy manfaatlari taʼminlanishi yuzasidan oʻz kuzatuvini olib bormoqda.
Mazkur jinoyat ishi voyaga yetmagan shaxsga hamda uning shaʼni va qadr-qimmatiga oid ekanligi bois, bu holat haqida har qanday tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatish bolaning manfaatiga zid boʻlib, uning huquqlariga putur yetkazadi, deyiladi xabarda.
OAVlarda va ijtimoiy tarmoqlarda shunday mazmundagi xabarlarni yoritishda bola manfaatlariga rioya etishga va mutasaddi tashkilotlar tomonidan rasman eʼlon qilingan maʼlumotlarga tayanish soʻralgan.




