"Jadidlar izidan" tanloviga arizalar qabuli boshlandi
Roʻyxatdan oʻtish muddati 15 oktabrga qadar davom etadi. Respublika final bosqichida eng yuqori natijaga erishgan 14 nafar oʻquvchi xorijga taʼlim sayohati yoʻllanmasini oladi.

"Jadidlar izidan" tanloviga arizalar qabuli boshlandi. 2024 yilda "Jadidlar izidan" tanloviga 364 906 nafar oʻquvchi roʻyxatdan oʻtgan. Bir yil oʻtib, arizalar soni 656 171 taga yetdi.
Respublika "Kelajak" markazi tomonidan eʼlon qilgan uchinchi mavsum 6–8 hamda 9–10-sinf oʻquvchilar oʻrtasida ikki toifada tuman (shahar), hududiy va respublika bosqichlarida oʻtkaziladi. Dastlab jadidlar hayoti va ijodi yuzasidan bilim tekshiriladi. Keyin asar tahlili va insho, finalda esa nafaqat oʻquvchining 3 ta shart asosidagi bilimi balki oʻzi tayyorlagan loyiha ham baholanadi.

Loyiha taqdimoti tanlovdagi eʼtiborga molik shartlardan biri. Oʻquvchi maktab, til, ekologiya, matbuot yoki boshqa yoʻnalish haqida oʻz taklifini ilgari suradi. Unda ishtirokchining mavzuni yoritish darajasi, loyihaning dolzarbligi va amaliy ahamiyati, takliflarning yangiligi va asoslanganligi, taqdimotning mazmuni hamda nutq madaniyati baholanadi.
Yanvar oyida qabul qilingan Prezidentning tegishli qarori "Jadidlar izidan" kitobxonlik klublarini maktablarda yoʻlga qoʻyishni belgiladi. Klub aʼzolari yiliga kamida 20 ta kitob oʻqishi va eng faollari har chorakda ragʻbatlantirilishi nazarda tutilgan. Demak, tanlovga tayyorgarlik bir necha haftalik mashgʻulot bilan cheklanmaydi: mutolaa uchun yil davomidagi maydon ham belgilangan.

Oʻtgan mavsum gʻoliblari Germaniyaga borib, Berlin va Gamburg universitetlari faoliyati bilan tanishdi. Bu yil ham respublika finalida eng yuqori natijaga erishgan 14 nafar oʻquvchi xorijga taʼlim sayohati yoʻllanmasini oladi. Birinchi oʻrinni egallagan bitiruvchilarga kasbiy (ijodiy) imtihonida eng yuqori ball belgilangan fandan maksimal ball olish imtiyozi beriladi. Imtiyoz bir yil amal qiladi. Batafsil nizomda tanishib maʼlumot olishingiz mumkin!
Sayohat 14 oʻquvchiga nasib etadi. Roʻyxatdan oʻtish muddati 15 oktabrga qadar davom etadi.




