Toshkentda maktab qoʻriqchisi 12 yoshli qizga shilqimlik qildi
Mazkur holat 15 sentabr kuni Shayxontohur tumanidagi maktablardan birida roʻy bergan. Taʼlim maskanida qoʻriqlash xizmati xodimi boʻlib ishlab kelgan 23 yoshli yigit 6-sinf qizga nojoʻya harakatlar qilgan. Sud huquqbuzarlikda jinoyat alomati bor, degan xulosaga kelib, ishni prokurorga qaytargan.

Shayxontohur tumanida maktab qoʻriqchisi 12 yoshli qizga shahvoniy shilqimlik qildi.
Platina.uz tanishgan sud hujjatiga koʻra, 23 yoshli Sh.J. maktabda shartnoma asosida qoʻriqchi boʻlib ishlagan. U 15 sentabr kuni soat 15:30 da maktab binosida 12 yoshli oʻquvchi qizning oldiga borgan hamda uning belidan ushlab, labidan oʻpgan.
Surishtiruv organi Sh.J. sodir qilgan harakatni Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan kvalifikatsiya qilgan va ishni sudga yuborgan. Sud esa Sh.J.ga nisbatan qoʻzgʻatilgan maʼmuriy ishni koʻrib chiqib, unda jinoyat alomati bor, degan xulosaga kelgan va uni prokurorga qaytarish haqida ajrim chiqargan.
“Sh.J. shahvoniy shilqimlik harakatlarini voyaga yetmagan, 2014 yilda tugʻilgan qizga nisbatan sodir etgan yoki etmaganligi, uning harakatlarida jinoyat alomatlari bor yoki yoʻqligi va ish holatlari toʻliq tekshirilmagan. Qayta surishtiruv jarayonida ish holatlari toʻliq tekshirilib, Sh.J.ning harakatlarida jinoyat alomati bor yoki yoʻqligini, jinoyat sodir qilingan boʻlsa uning harakatlariga tegishli baho berilishi lozim boʻladi”, deyiladi sud ajrimida.




