Samarqandda aholi tomonidan topilgan 17 ilon tabiatga qoʻyib yuborildi
Jami 16 ta Oʻrta Osiyo kapcha (kobra) iloni va 1 ta gurzi iloni mutaxassislar tomonidan maxsus koʻrikdan oʻtkazilib, yana tabiiy muhitga qaytarildi. Ular togʻli hududlarda turli sabablarga koʻra aholi yashash manzillariga kirib qolgan.

Nurobod tumani togʻli hududlarida aholi tomonidan topilgan 16 ta Oʻrta Osiyo kapcha iloni va 1 ta gurzi iloni mutaxassislar tomonidan maxsus koʻrikdan oʻtkazilib, yana tabiiy muhitga qaytarildi. Bu haqda Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.
Ilonlar tabiatdagi sanitar vazifasini bajarib, zararkunanda kemiruvchilar sonini meʼyorda ushlab turishda muhim ahamiyat kasb etadi, deyiladi xabarda.
Nurobod tumanining togʻli hududlarida turli sabablarga koʻra aholi yashash manzillariga kirib qolgan, shuningdek, kasallangan yoki shikastlangan holda mahalliy aholi qoʻliga tushgan jami 17 ta ilon — 16 ta Oʻrta Osiyo kapcha iloni va 1 ta gurzi iloni Samarqand viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasiga topshirildi.
Boshqarma mutaxassislari tomonidan ushbu yovvoyi hayvonlar maxsus tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Ularning holati baholanib, tabiiy muhitda yashashi uchun mos ekani aniqlangach, ilonlar Omonqoʻton milliy tabiat bogʻining yuqori togʻli qismiga olib borildi.
Shundan soʻng ular inson taʼsiridan xoli boʻlgan tabiiy muhitga qoʻyib yuborildi.

