Oʻzbekistonda ozarbayjon tili boʻyicha bepul kurslar tashkil etiladi
Mashgʻulotlar Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida boʻlib oʻtadi. Ushbu markaz Ozarbayjonning Oʻzbekistondagi elchixonasi qoshida joylashgan.

Oʻzbekistonda ozarbayjon tilini oʻrganish istagida boʻlganlar uchun bepul til kurslari tashkil etiladi. Bu haqda mamlakatning Oʻzbekistondagi elchisi Rashad Mamedov X ijtimoiy tarmogʻida maʼlum qildi.
Kurslar Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazida boʻlib oʻtadi. Ushbu markaz Ozarbayjonning Oʻzbekistondagi elchixonasi qoshida joylashgan. Kurslar 30 sentabrdan boshlanadi va bepul boʻladi.
“Kurslarda ishtirok etish orqali siz malakali mutaxassis koʻmagida ozarbayjon tilining boy lugʻat tarkibi, grammatik tuzilishi va toʻgʻri soʻzlashuv qoidalarini oʻrganishingiz, shuningdek, kundalik muloqot koʻnikmalaringizni rivojlantirishingiz mumkin”, dedi diplomatik missiya rahbari.
Kurslarda qatnashishni istaganlar quyidagi posterdagi QR-kodni skanerlab, roʻyxatdan oʻtishi zarur.





