Oʻzbekiston shaxmat olimpiadasida ilk bor magʻlubiyatga uchradi
Sakkizinchi turda Rustam Qosimjonov shogirdlari Germaniyaga yutqazib qoʻydi. Nodirbek Yoqubboyev Frederik Svanega, Shamsiddin Vohidov esa uning akasi Rasmus Svanega imkoniyatni boy berdi. Faqat Javohir Sindarov gʻalabaga erishdi.

Oʻzbekiston erkaklar milliy jamoasi Samarqandda oʻtayotgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasida birinchi bor magʻlubiyatga uchradi. Sakkizinchi turda Rustam Qosimjonov shogirdlari Germaniyaga 1,5:2,5 hisobida yutqazib qoʻydi.
Germaniya bilan uchrashuvdagi yagona gʻalabani Javohir Sindarov qoʻlga kiritdi. Ikkinchi doskada u Mattias Blyubaumni magʻlub etdi. Sakkiz turdan soʻng Sindarov hisobida 7 ta oʻyindan 5,5 ochko mavjud — toʻrtta gʻalaba va uchta durang. Shaxmatchi mezbonlik turnirida hali birorta ham magʻlubiyatga uchramadi.
Birinchi doskada Nodirbek Abdusattorov, garchi maʼlum bir pallada magʻlubiyatga yaqin pozitsiyada qolgan boʻlsa-da, Vinsent Keymer bilan durang oʻynadi.
Nodirbek Yoqubboyev Frederik Svanega, Shamsiddin Vohidov esa uning akasi Rasmus Svanega imkoniyatni boy berdi. Mazkur magʻlubiyat Oʻzbekiston uchun nafaqat umumiy jamoaviy hisobda, balki ushbu Olimpiadada partiyalar boʻyicha ham birinchisi boʻldi. Sakkizinchi tur oldidan mezbonlardan ikki jamoaviy ochkoga ortda qolayotgan Germaniya Oʻzbekiston jamoasiga yetib oldi — endilikda har ikki jamoa hisobida 14 tadan ochko bor.
Oʻzbekiston-1 ayollar milliy jamoasi Niderlandiya ustidan muhim gʻalabaga erishdi (3:1) va 6-oʻringa koʻtarildi.
Oʻzbekiston avval Hindiston va Xitoyni magʻlubiyatga uchratgandi.




