Markaziy Osiyoning ikki davlati Hindistonning “Akash” havo mudofaa tizimini sotib oldi
Mazkur mudofaa tizimining ilk xaridori Armaniston boʻlgan. “Akash” zenit-raketa kompleksi samolyot, vertolyot, dronlar hamda qanotli raketalarni urib tushirishga moʻljallangan.

Hindiston Mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalari tashkiloti (DRDO)ning sobiq raisi Samir Kamat Hindiston oʻzida ishlab chiqilgan “Akash” yer-havo raketa tizimini Tojikiston va Turkmanistonga eksport qilganini maʼlum qildi.
Unga koʻra, bu Nyu-Dehlining mudofaa mahsulotlari eksporti geografiyasining Markaziy Osiyoga ilk bor yoʻnaltirilishidir.
“Akash” — samolyotlar, vertolyotlar, dronlar va qanotli raketalarni urib tushirish uchun ishlab chiqilgan oʻrta masofaga moʻljallangan havo mudofaa tizimi. Raketa Hindistonning Bharat Dynamics Limited kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Tizimda Hindiston Mudofaa tadqiqotlari va ishlanmalari tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan radar hamda qoʻmondonlik-boshqaruv tizimlaridan foydalaniladi.
Turkmaniston va Tojikiston “Akash Mk 1S” ning yangilangan versiyasini xarid qilish boʻyicha muzokaralar olib borayotgani haqidagi xabarlar dastlab avgust oyida yangray boshlagan. Biroq rasmiy shartnomalar hali imzolanmagani haqidagi xabarlardan keyin yangradi.
Kamat tilga olgan eksport aynan shu kelishuvlarning yakunlanganini anglatadimi yoki alohida yetkazib berish amalga oshirilganmi — hozircha nomaʼlum. Na Hindiston rasmiylari, na Markaziy Osiyoning ushbu ikki davlati qoʻshimcha tafsilotlarni eʼlon qilgan. Shuningdek, bu xabar rasmiylar tomonidan hali tasdiqlanmagan.
Nashr maʼlumotlariga koʻra, mintaqadagi boshqa davlatlarda Hindiston mudofaa tizimi mahsulotlariga qiziqishga Armanistonning xaridi muhim omil sifatida koʻrilmoqda.
Armaniston tajribasida dastlabki raketa xarididan keyin Hindistondan radarlar, artilleriya tizimlari, raketa komplekslari va harbiy texnikalar boʻyicha qoʻshimcha xaridlar amalga oshirilgan. Agar Tojikiston va Turkmanistonning “Akash” xaridlari tasdiqlansa, kelgusida Hindistonning ushbu ikki davlatga boshqa turdagi mudofaa mahsulotlari eksporti ham kengayishi mumkin.
“Akash Mk 1S” qanday tizim?
Armaniston “Akash” tizimining birinchi va hozirgacha tasdiqlangan yagona xorijiy xaridori boʻlib kelgan. Yerevan “Mk 1S” versiyasini xarid qilish boʻyicha shartnoma imzolagan va tizimlarni 2024 yil oxiridan boshlab qabul qila boshlagan.
Mazkur bitim Hindistonga sobiq Sovet hududidagi boshqa davlatlarga ham ushbu tizimni taklif qilishda foydalanayotgan muayyan eksport tajribasini berdi.
“Mk 1S” modernizatsiyasi raketaga Hindistonda ishlab chiqilgan faol radiochastotali izlovchi kallakni (active RF seeker) qoʻshadi.
Mazkur kombinatsiya manyovr qilayotgan nishonlarga qarshi aniqlikni oshirish hamda dastlabki, faqat qoʻmondonlik orqali boshqariladigan “Akash” ga nisbatan raketani elektron radioxalaqitlar yordamida zararsizlantirishni qiyinlashtirishga qaratilgan.
Tizim nishonlarni bir vaqtning oʻzida kuzatish va ularga qarshi harakat qilish uchun Hindiston tomonidan ishlab chiqilgan “Rajendra” fazali antenna panjarasiga ega radardan foydalanadi. Bu imkoniyat tizimni alohida nishonni himoya qilishdan koʻra, muayyan obʼektlar va chegara hududlarining havo mudofaasini taʼminlashga moslashtiradi.
Nashr maʼlumotlariga koʻra, ayni paytda Tojikiston va Turkmaniston asosan eskirgan sovet va Rossiyada ishlab chiqarilgan havo mudofaa vositalariga tayanadi. Ular orasida S-125, “Kub”, “Buk” va “S-300” tizimlari mavjud.
Texnik jihatdan eskirayotgan qurol zaxiralari va havodan kelayotgan tahdidlarning oʻzgarishi har ikki davlatni harbiy texnika yetkazib beruvchilarini diversifikatsiya qilishga undamoqda.




